Jahon | 23:12 / 19.11.2024
4847
5 daqiqa o‘qiladi

Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?

Erdo‘g‘an Isroilning Falastin va Livandan keyingi nishoni Turkiya bo‘lishini aytmoqda. Isroil tashqi ishlar vaziri esa kurdlar bilan aloqalarni mustahkamlash kerakligini aytib chiqdi. Turkiyada ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan siyosatshunos Fazliddin Madiyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu fonda kurdlar mavzusi Turkiyada bosh siyosiy masalalardan biriga aylangan.

“Shuni aniq ayta olamanki, Livandan keyin ularning nigohi bizning yerlarimizga qaratiladi. Netanyahuning orzulari Anatoliyani ham o‘z ichiga oladi”, degandi bir necha hafta oldin Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

Ko‘p o‘tmay, Turkiya prezidenti Isroil bilan siyosiy aloqalar to‘xtatilganini aytdi. Buni Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasi vakili ham Kun.uz'ga tasdiqladi. Ikki mamlakatdagi elchixonalar yopilmagan bo‘lsa-da, elchilar chaqirib olingan. Erdo‘g‘an avvalroq Isroil bilan savdo aloqalari to‘xtatilganini e’lon qilgandi.

Ushbu fonda Isroilning yangi tayinlangan tashqi ishlar vaziri Gideon Saar kurdlarni “Isroilning tabiiy ittifoqchilari” deb atadi. Uning fikricha, Isroil qo‘shni davlatlardagi kurdlar, druzlar va boshqa mintaqaviy ozchiliklarni qo‘llab-quvvatlashi kerak.

“Kurd xalqi – buyuk xalq, siyosiy mustaqillikka ega bo‘lmagan buyuk xalqlardan biri”, – dedi Saar TIV rahbari lavozimga kirishish marosimida so‘zlagan nutqida. U kurdlar Eron va Turkiyada “jabr-sitam va agressiya qurbonlari bo‘layotgani”ni aytib, Isroil ular bilan aloqalarni mustahkamlashi zarurligini ta’kidladi.

Kun.uz o‘tgan hafta xalqaro maydondagi voqealarga bag‘ishlangan “Geosiyosat” tahliliy dasturida qatnashgan siyosatshunos Fazliddin Madiyevning so‘zlariga ko‘ra, hozirda kurdlar masalasi Turkiya siyosatidagi bosh mavzulardan biri bo‘lib turibdi. Ammo Erdo‘g‘an aytganidek harbiy to‘qnashuv haqida gapirishga, ekspertning fikricha, hali erta, chunki Turkiya ham, Isroil ham demokratik mamlakatlar hisoblanadi.

Madiyevga ko‘ra, Erdo‘g‘an va boshqa rasmiylar Isroilning keyingi nishoni Turkiya ekani haqida bir emas, bir necha bor bayonotlar bergani Turkiya siyosiy tizimi ichida qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirgan. Bundan tashqari, 10 noyabr kuni Erdo‘g‘anning Kurd ishchilar partiyasini tamoman tugatishga tayyorligi haqidagi bayonotidan keyin, Isroil tashqi ishlar vazirining kurdlar haqida aytgan so‘zlari Anqaradagi vaziyatni ancha chigallashtirgan.

“Hozir kurdlar mojarosi rasmiylar oldidagi hal qilinishi kerak bo‘lgan eng asosiy masala bo‘lib qoldi. Shuningdek, ikki haftadan beri Abdulloh O‘jalan (Kurdiston ishchilar partiyasi asoschilaridan biri, Turkiyada hibsda – tahr.) masalasi jiddiy muhokama qilinyapti. Masalan, uni qamoqdan chiqarish va uning Kurd ishchilar partiyasi butkul tugatilgani va partiyadagilar qurollarini tashlashi haqida bayonot berishiga erishish taklif qilingan”, – deydi siyosatshunos.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Livandagi harbiy harakatlari bilan Turkiya chegarasiga deyarli 200 km yaqinlashib qolgan, bu esa Turkiyani xavotirga solmoqda.

“Turkiya va Isroil o‘rtasida o‘zaro munosabatlarning to‘xtatilgani bir emas, bir necha marta bo‘lgan. Lekin ular o‘rtasida urush bo‘lishi xavfi kam, lekin mojaroning chuqurlashishi iqtisodiy tarafdan katta muammolar yaratadi, chunki Turkiya va Isroil o‘rtasida juda katta iqtisodiy munosabatlar bor. Turkiya Isroil bilan savdosini to‘xtatganini e’lon qilganidan keyin ham, Isroil tomoniga ko‘ra, 1,6 mlrd dollarlik o‘zaro savdo aylanmasi bo‘lgan. Chunki xususiy biznesga davlat aralasha olmaydi”, – deydi Fazliddin Madiyev.

Shu bilan birga, uning qo‘shimcha qilishicha, Isroil tomonidan Turkiyaga tahdid borligi haqidagi bayonotlar 20-25 yildan buyon hokimiyatda bo‘lib turgan Erdo‘g‘anning populistik chiqishlarimi yoki real tahdid haqiqatan mavjudmi, bu masaladagi bahslar davom etadi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid