O‘zbekiston | 11:04
2427
2 daqiqa o‘qiladi

Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi mumkin

Prezident «Adolat» partiyasining istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha pozitsiyasini ma’qulladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining bu tashabbusini ma’qulladi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, davlat rahbari Qonunchilik palatasining yangi tarkibdagi birinchi majlisida partiyalar saylov kampaniyasi davomida ilgari surgan va xalq qo‘llab-quvvatlagan har bir taklif albatta ko‘rib chiqilishi va amalga oshirilishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha pozitsiyasi, dorilar ustidan nazoratni kuchaytirish, narxlar sun’iy oshishini oldini olish, retsepsiz dorilar ro‘yxatini qisqartirish bo‘yicha intilishlarini ma’qulladi.

Shuningdek, tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash haqidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

Prezident «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining maktablarda muallimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish, farzandlarimizni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ularga ona tili va chet tillarni o‘rgatish uchun yanada keng sharoitlar yaratishga oid takliflariga qo‘shildi.

O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, aholimizning pensiyaga chiqishdagi kafolatli huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

Ekologik partiyaning davlat organlari va korxonalar hududida yashil bog‘lar tashkil etish, ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha dastur qabul qilish haqidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

Mavzuga oid