Jamiyat | 18:11 / 19.11.2024
4668
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda ota va uning ikki farzandi, Buxoroda ona va o‘g‘il is gazidan zaharlanib, vafot etdi

Har ikki holatda is gazi qo‘lbola usulda tayyorlangan pechkada yoqilgan tabiiy gazdan chiqqan.

Foto: AFP

Namangan viloyatining Pop tumani hamda Buxoro viloyatining Kogon shahrida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlar sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 18 noyabr kuni soat 7:30 larda Pop tumani, Iskovut mahallasida yashagan 36 yoshli A.B., uning 2014 yilda tug‘ilgan qizi hamda 2010 yilda tug‘ilgan o‘g‘li yashash xonadonida is gazidan zaharlanib vafot etgan. Shuningdek, xonadonda bo‘lgan A.B.ning turmush o‘rtog‘i G.M. is gazidan zaharlanib, og‘ir holatda tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingan.

Hozirda holat yuzasidan Pop tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, 12 noyabr kuni soat 17:00 da Kogon shahrining Xiva ko‘chasida joylashgan xonadonda 1987 yilda tug‘ilgan ayol va uning 12 yoshli o‘g‘li is gazidan zaharlanib, vafot etishgan. Mazkur holat yuzasidan ham tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, har ikki holatda is gazi xonani isitish uchun o‘rnatilgan qo‘lbola pechkada yoqilgan tabiiy gazdan chiqqan.

Avvalroq Nukus shahrida er-xotin va ularnikiga mehmon, Bekobodda esa ota va o‘g‘il is gazidan zaharlanib, vafot etgandi.

Mavzuga oid