O‘zbekiston | 14:50
6462
2 daqiqa o‘qiladi

Narzullo Oblomurodov Agrar universitet rektori etib tayinlandi

2021 yilgi saylovda O‘zbekiston prezidentligiga nomzod bo‘lgan Narzullo Oblomurodov faoliyatini Toshkent davlat agrar universiteti rektori sifatida davom ettiradi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati

Narzullo Naimovich Oblomurodov Toshkent davlat agrar universitetining rektori etib tayinlandi. Bu haqda universitetda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Narzullo Oblomurodov 2021 yilgi prezidentlik saylovida Ekopartiya nomzodi sifatida qatnashib, 4,1 foiz ovoz bilan 5 nafan nomzod orasida 4-o‘rinni egallagan edi.

Saylovdan keyin u Ekologiya qo‘mitasi raisi lavozimiga o‘tkazilgan, 2023 yil yanvaridagi ma’muriy o‘zgarishlar ortidan tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan, o‘sha yil iyunda lavozimini tark etib, iyulda Toshkent moliya instituti prorektori sifatida ish boshlagandi.

TDAUda 19 noyabr kungi yig‘ilish / Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati

Oradan bir yil o‘tib, 2024 yil iyunida Oblomurodov Toshkent davlat agrar universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori etib tayinlangan edi.

Ayni paytda universitet saytida Islomov Sohib Yaxshibekovich rektor vazifasini bajaruvchi deb ko‘rsatilgan.

  • Oblomurodov TDAU rahbarligiga Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tayinlangan. Bosh vazir matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, ushbu tayinlov bilan birga, Sevara Bahodirovna Shokirova Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Mavzuga oid