O‘zbekiston | 09:10 / 14.12.2024
2870
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev ACWA Power kompaniyasi raisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya-O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi raisi, ACWA Power kompaniyasi raisi Muhammad Abunayyan bilan uchrashuvida Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari O‘zbekistonda "yashil energetika” sohasida strategik investor hisoblangan ACWA Power kompaniyasi bilan samarali sheriklik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Bugungi kunga qadar umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarlik 4 ta loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan bo‘lib, joriy loyihalar portfeli 15 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, bugun bir qator qo‘shma loyihalarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi: Buxoro viloyatida quvvati 500 megavatt bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi, shuningdek, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 1 gigavatt bo‘lgan 2 ta quyosh elektr stansiyasi va Toshkent viloyatida 334 megavatt quvvatga ega energiya saqlash tizimi qurilishiga start berildi.

Uchrashuvda energetika, transport va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Qo‘shma Ishbilarmonlar kengashi faoliyati doirasida Saudiyaning yetakchi kompaniyalarini mamlakatga jalb qilish borasidagi ishlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Mavzuga oid