G‘ilay Lenin – SSSRda 10 rubllik pullarni soxtalashtirgan shaxs qanday fosh bo‘lgandi?
1980-yillar oxirroqlarida Olmaota shahrida soxta 10 rubllik pullar muomalada yurgani aniqlanadi. Jinoyatchi ushlanganda militsiya xodimlari hayron qolishadi. Chunki u qariyb 10 yil davomida soxta pullarni shundoqqina militsiya idorasi ro‘parasida joylashgan uyida tayyorlagandi.
1989 yil. Olmaotadagi jamg‘arma banklaridan birining xodimasi Malika Yusupova kechki payt ishni yakunlashdan avval qo‘lidagi pullarni seyfga joylashdan oldin ularni sanay boshlaydi.
O‘sha kuni Malikaning dekretga chiqishdan avvalgi so‘nggi ish kuni edi. U ishni boshqa xodimga topshirish uchun so‘nggi hisob-kitobni qilar, tashqarida uning chiqishini eri kutib turardi.
Shu payt xodimaning qo‘liga yangi 10 rubllik kupyura ilinadi. U kupyurani alohida ajratib diqqat bilan qaraganda pulning qog‘ozi boshqacharoqday tuyuladi.
G‘ilay Lenin
Sovet davrida, 1961 yilda chiqarilgan 10 rubllik pullarga Leninning surati tushirilgandi. Xodima boshqa 10 rubllik kupyura bilan yangisini solishtirib ko‘radi va yangi puldagi Leninning ko‘zlari g‘ilayroq ekanini payqaydi.
Bu 10 rubllik pullarni fuqarolardan biri 300 rublni jamg‘arma kassaga qo‘yish uchun olib kelgandi va Malika uni yaxshi eslab qolgandi.
Malika darhol militsiyaga qo‘ng‘iroq qiladi. Xodimlar yetib kelgach pullarni ko‘zdan kechirib, ular orasidan bir nechta shubhali tuyulganlarini ajratib olishadi.
Pullar bo‘limga olib borilgandan so‘ng tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ularni sinchiklab tekshirgan mutaxassis jinoyatchi soxta kupyuralarni asliga juda o‘xshatib yasaganini e’tirof etadi.
Jinoyatchi faqat Leninning ko‘zlarini o‘xshata olmagandi. Agar “dohiy”ning ko‘ziga sinchiklab e’tibor berilmasa, pulning soxtaligi umuman bilinmasdi.
Shundan so‘ng ittifoq bo‘ylab soxta pul yasovchi shaxsga qidiruv e’lon qilinadi. Biroq uning na rasmi, na fotoroboti bor edi.
O‘sha paytda militsiyani bir savol o‘ylantirardi: soxta rubllik pullardan necha dona yasalgan va qayerlarda tarqatilgan?
Militsiya xodimlari soxta pullarning asliga juda o‘xshatib yasalganini ko‘rib, ularni bir kishi qo‘lda emas, jinoiy guruh maxsus uskunalardan foydalanib yasagan degan xulosaga keladi.
O‘sha paytda SSSRda chop etilgan pullar ular to‘rt ming marta buklansa yirtiladigan, pishiq qog‘ozdan tayyorlangandi.
Biroq soxta pullardagi qog‘oz bunday pishiq emasdi. Ular tez yirtiladigan qog‘ozdan tayyorlangandi. Militsiya xodimlari pullardan birini o‘ttiz martacha buklab ochganda u yirtilib ketadi.
Shubhali qassob
Malika Yusupova o‘z ko‘rsatmasida ichidan soxta pullar chiqqan 10 rublliklarni bankka har doim quvnoq kayfiyatda kirib keladigan mo‘ylovli bir yigit olib kelganini aytadi.
Ayol yigit Olmaotadagi mashhur “Yashil bozor”da savdo qilishini, bir necha marta undan go‘sht sotib olganini aytadi.
Malikaning ko‘rsatmasi bilan yigit anchadan buyon go‘sht sotishi, bankka omonat qo‘ya boshlaganiga uch oy bo‘lgani va bu davrda uch marta kelgani oydinlashadi.
Militsiya bozorga borib yigitni qo‘lga oladi. Uning ism-sharifi Murod Tastambekov ekani ma’lum bo‘ladi. Yigitga soxta pullar yasashda gumonlanayotgani aytilganda u ayblovni keskin rad etadi.
Yigit dam olish kunlarisiz ishlashini, savdosi juda yaxshi ekanini va orttirgan pullarini bankda saqlashga qaror qilganini aytadi.
Muroddan 10 rubllik soxta pullar haqida so‘rashganda yigit har kuni yuzlab odamlarga go‘sht sotishini, xaridorlar bergan pullarning har birini ko‘zdan kechirib olishning imkoni yo‘qligini ta’kidlaydi. Uni qamoqqa olishadi.
Militsiya jinoyatchilar qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqib soxta pullarni magazinlarga emas, bozorga olib borib o‘tkazishini taxmin qiladi.
SSSRda pullarni soxtalashtirganlik uchun hatto o‘lim jazosi berilishi mumkin edi. Shu sababli soxta pullarni yasashga urinish holatlari juda kam uchrar, odamlar pullarni soxta bo‘lishi mumkin deb bittalab tekshirib yurmasdi.
“Yashil bozor”dagi barcha sotuvchilarning xaridorlardan olgan pullari tekshirib chiqiladi. Shunda yana yetti dona soxta pul topiladi. Shundan so‘ng Murodni qo‘yib yuborishadi.
G‘oyib bo‘lgan qassob va bosmaxona rahbari
Militsiya jinoyatchilar soxta pullarni o‘tkazish uchun yana bozorga keladi degan gumonga boradi va “Yashil bozor”da yashirincha navbatchilik tashkil etiladi.
Shu orada militsiya bozordagi g‘alati bir holatni sezib qoladi. O‘zining aybsizligini ta’kidlagan go‘sht sotuvchi yigit savdoga chiqmay qo‘yadi. Bu militsionerlarni shubhaga soladi.
Xodimlar yigit soxta pul yasovchilarning sherigi va bozor tekshirilgandan so‘ng ular bilan birga qochib, yashiringan degan xulosaga keladi.
Shundan so‘ng yigit yashaydigan manzilni tekshirib ko‘rishga qaror qilishadi. Eshikni Murodning xotini ochadi va u eri tunda uyga kelmaganini aytadi.
Ayol shu joyda militsiya xodimlariga Murod boshqa bir ayolga ilakishib yurganini, so‘nggi paytlarda u bilan aloqalarni uzaman deb va’dasida turmaganini, tunda balki uning yoniga ketgan bo‘lishi mumkinligini aytadi.
Militsiya Murodni qidirib, o‘sha ayolnikiga bormoqchi bo‘ladi. Biroq uning xotini kundoshining manzilini bilmasdi.
Ammo ayol o‘z raqibasining ko‘rinishini yaxshi eslab qolgandi. Militsiya uning tasvirlab berishi ortidan ayolning fotorobotini tayyorlaydi.
Militsiya ayol “Yashil bozor”ga Murodning oldiga borib turgan degan gumonga boradi va fotorobotni bozordagi sotuvchilarga ko‘rsatishadi.
Parranda go‘shti sotuvchi bir ayol Murodning jazmanini darhol taniydi. Sotuvchi ayolning bosmaxonada ishlashini aytadi.
Shunda militsiyada Murodning jazmaniga nisbatan jiddiy shubhalar paydo bo‘ladi. Ular soxta pullar bosmaxona chop etilgan degan gumonga borishadi.
Shundan so‘ng Murod va uning jazmani bo‘lgan ayolning rasmlari Olmaota shahridagi va mamlakatning boshqa shaharlaridagi militsiya bo‘limlariga tarqatiladi. Ularga qidiruv e’lon qilinadi.
Bundan tashqari, avvaliga Olmaotadagi, so‘ng Qozog‘istonning boshqa shaharlaridagi bosmaxonalar tekshirila boshlanadi.
Tergovchilar jinoyatchilar Moskvadagi pullar chop etiladigan “Davlat belgisi” korxonasidan 10 rubllik pullarning qoliplarini o‘g‘irlashgan va uning yordamida soxta pullar chiqarishgan degan taxminga ham borishadi.
Biroq Moskvadagi yagona korxona juda qattiq qo‘riqlanar, u yerda ishlovchilar ham sinchkovlik bilan nazorat qilinar, korxonadan pullarning qolipini olib chiqib bo‘lmasdi.
Gumondan xoli bo‘lgan bosmaxona rahbari
Militsiya pullarni Murodning jazmani bosmaxonada yashirincha chiqargan, yigit ularni tarqatishda yordam bergan degan gumonga boradi. Biroq o‘sha kunlarda bo‘limga Murodning jazmani kirib keladi va janjal ko‘taradi. Ma’lum bo‘lishicha, ayolning ismi Samira bo‘lib, u Olmaotadagi “Vimpel” bosmaxonasi rahbari ekan.
U militsiya xodimlariga o‘zini jinoyatchiga chiqarishgani va qidiruv e’lon qilishgani uchun Moskvaga ichki ishlar vaziriga, mamlakat rahbari Mixail Gorbachyovga arz qilishini aytadi.
Ayoldan Murod haqida so‘rashganini, u yigit bilan avvalroq uchrashib yurgani va hozirda uning qayerda ekanini bilmasligini ta’kidlaydi.
Militsiya xodimlari Samiraning gaplariga ishonmaydi va uning uyida tintuv o‘tkazishga qaror qilishadi. Ayolning uyidan hech qanday soxta pullar yoki ularni chop etishga daxldor hech narsa chiqmaydi.
Biroq uning qimmat xorij kiyimlari va pardoz buyumlari militsiyani shubhalantiradi. Bundan tashqari, ayolning uyidan 3 700 rubl pul ham topiladi. Samira pullar o‘ziga tegishli ekanini, ularni besh yildan buyon maoshidan orttirib yig‘ib kelayotganini aytadi.
Ayolning pullari tekshirib ko‘rilganda ular orasidan bir dona 10 rubllik soxta pul chiqadi. Samira soxta pulning qayerdan kelib qolganini bilmasligini aytadi.
Ana shu soxta kupyura militsiya xodimlarini hayratga soladi. Ancha urinib, eskirib qolgan soxta pul tekshirib ko‘rilganda u sakkiz yil avval chop etilgani aniqlanadi.
Demak soxta pul yasovchilar Qozog‘istonda uzoq yillardan buyon bu ish bilan shug‘ullanib kelishgan. Go‘sht sotuvchisi bo‘lgan Murodning ularga nima aloqasi bo‘lishi mumkin? Balki “soxta pullarga aloqam yo‘q” deb u ham rost gapirgandir?! Shundan so‘ng Samira gumondorlar ro‘yxatidan chiqariladi.
Qassobni kim o‘ldirdi?
Biroq oradan ikki kun o‘tgach Olmaotadagi ovloq xiyobondan Murod Tastambekovning jonsiz jasadi topiladi. Bu militsiyada Murod soxta pul chiqaruvchi jinoyatchilar guruhiga a’zo bo‘lgan degan taxminni keltirib chiqaradi.
Jasadning atrofida 37-o‘lchamdagi ayollar oyoq kiyimining izlari qolgandi. O‘sha atrofdan qon yuqi qolgan kattagina tosh ham topiladi. Qotil tosh bilan Murodning boshiga bir necha marta zarba bergandi.
Shu joyda militsiya xodimlari “Vimpel” bosmaxonasi rahbari Samira avvalroq o‘z ko‘rsatmasida Murod bilan shu xiyobonda uchrashib turgani haqida gapirganini eslab qolishadi.
Ayolni darhol Murodning jasadi topilgan joyga olib kelishadi. So‘ng uning qo‘liga jinoyat detali bo‘lgan tosh kattaligidagi toshni berib, manekenning boshiga zarba berishini buyurishadi. Biroq ayol harchand urinib ham toshni yuqoriga ko‘tara olmaydi.
Shunda tergovchilar ayol fosh bo‘lishdan qo‘rqib toshni jo‘rttaga boshi baravar ko‘tarmayapti degan gumonga borishadi. Uni maxsus tibbiy tekshiruvga jo‘natishadi.
Tibbiy ekspetiza ayol jinoyat quroli bo‘lgan yirik toshni bosh balandligida ko‘tara olmaydi degan xulosa beradi. Ikkinchi marta Samiradan gumon olib tashlanadi. Biroq unda Murodni kim o‘ldirgan bo‘lsa?!
Bo‘yoq o‘g‘risi
Bu paytda nafaqat Olmaota, balki boshqa shaharlardan ham yangi soxta pullar topilishda davom etaveradi. Jinoyatchilarni qidirish ishlari boshi berk ko‘chaga kirib qoladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1989 yil 22 maydan 12 sentabrgacha Olmaota shahrida 37 dona, Oqto‘be, Jambul, Qo‘stanay va Chimkent shaharlaridan ham bir necha donadan soxta pullar aniqlanadi.
Shundan so‘ng militsiya Moskvadagi “Davlat belgisi” korxonasiga vaziyat haqida xabar berib, xodimlarni tekshirib ko‘rishni so‘raydi.
Olmaota militsiyasini asosan “Davlat belgisi” korxonasida ishlovchilarning birontasi qachonlardir Qozog‘istonda yashaganmi, yoki ularning qarindoshlari Olmaotada yashaydimi yo‘qmi, shu qiziqtirardi.
Moskvadan javob keladi. Unda yozilishicha, korxona sobiq xodimlaridan biri Serik Ospanov Olmaotada yashaydi. Militsiya avval Serikning qo‘shnilaridan ko‘rsatma oladi.
Qo‘shnilardan biri Serik bilan 20 yil qo‘shni yashaganini, avvaliga juda sodda bo‘lgan va oddiy hayot kechirgan yigit Moskvadan qaytganidan so‘ng oliftalanib ketgani, Olmaotaga yaqin ovuldan uy sotib olgani va qimmat kiyimlar kiyib yurishi haqida gapiradi.
Militsiya Serikni kuzata boshlaydi va ikki kundan so‘ng noma’lum shaxs bilan uchrashgan paytida ushlanadi. Shundan so‘ng Serikning ovuldagi uyi tintuv qilinadi va u yerdan pullarni bo‘yash uchun ishlatiladigan maxsus buyoq topiladi.
Lekin u yerda pul chop etadigan uskuna, soxta pullar yo‘q edi. Dastlabki so‘roqda Serik “Davlat belgisi” korxonasida ishlagan paytida kupyuralarga ishlatiladigan bo‘yoqni yashirincha olib chiqqanini tan oladi.
U buni kupyuralarni bo‘yashda ishlatiladigan yangi bo‘yoq kashf etishga juda qiziqqani bilan izohlaydi. U yangi turdagi bo‘yoq tayyorlab turli kimsalarga sotib kelgani aniqlanadi.
Xaridorlar orasida “Vimpel” bosmaxonasi rahbari Samira ham bor edi. Biroq yigitning soxta pullar tayyorlaganiga doir hech qanday dalil topilmaydi. Samira bo‘yoqni bosmaxonada ishlatish uchun olgani ma’lum bo‘ladi.
Militsiya idorasi ro‘parasida yasalgan soxta pullar
Ichki ishlar xodimlari soxta pul yasovchilarni qariyb bir yil qidiradi. Biroq ularning izini topib bo‘lmaydi. Shunda militsiya jinoyatchilar o‘zlarini qidirishayotganini bilib boshqa respublikaga chiqib ketgan deb gumon qiladi.
Biroq 1990 yilning kuzida Olmaotada yana yangi 10 rubllik soxta pullar muomalaga kiritilayotgani aniqlanadi. Militsiya yana harakatga tushadi.
Barcha sotuvchilarga soxta pulning alohida belgilari aytilib, kimdir shunday pullarni berganda militsiyaga xabar berish lozimligi uqtiriladi.
Kunlarning birida militsiyaga qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Shahardagi istirohat bog‘laridan birida muzqaymoq sotib turgan shaxs o‘ziga soxta pul berishganini aytadi.
Militsiya hodisa joyiga yetib borganda muzqaymoq sotuvchi va uning oldida yig‘lab turgan 10 yoshli bolaga duch keladi. Ma’lum bo‘lishicha, bola muzqaymoq olgan va sotuvchiga 10 rubllik pul bergan. Sotuvchi kupyurani tekshirib, uni soxta deb gumon qiladi va militsiyani chaqiradi. Pul haqiqatan soxta edi.
Bola muzqaymoq yemoqchi bo‘lganini, biroq yonida pul yo‘qligi uchun muzqaymoq sotuvchisini kuzatib turganini, shu paytda portfel ko‘targan notanish odam 10 rubl berganini va uning qo‘lida bunday pullardan bir pachka ko‘rganini aytadi.
Militsionerlardan qo‘rqib ketgan bola pulni olganiga ko‘p bo‘lmaganini ta’qidlaydi va notanish odam ketgan tomonni ko‘rsatadi.
Shundan so‘ng tergovchilar tezda notanish odamning izidan tushishadi va soxta pullarni birinchi bo‘lib aniqlagan jamg‘arma bank xodimi Malika Yusupovaning uyiga kirib ketganini ko‘rishadi. Bu uy militsiya idorasining ro‘parasida joylashgandi.
Bolaga o‘ziga 10 rubllik soxta pul bergan shaxsni darhol taniydi – u Malikaning eri Nazar Yusupov edi. Nazar Yusupovning uyidagi yerto‘la tekshirib ko‘rilganda u yerda pul chop etadigan ixcham uskuna, bo‘yoqlar, yangi chop etilgan soxta pullar topiladi.
Dastlabki so‘roqda, Nazar Yusupov Olmaotadagi oyoq kiyim ishlab chiqaradigan fabrikada ishlagani, 10 yilcha avval o‘sha yerda yangi uskuna yasagani va uni fabrika rahbariga taklif etganda rad javobi olgani haqida gapirib beradi.
Shundan so‘ng u o‘zining nimalarga qodirligini barchaga ko‘rsatib qo‘yish maqsadida pul chop etadigan uskuna yasaydi va uning yordamida soxta pullar chiqara boshlaydi.
Shubha tug‘dirmaslik uchun u pullarni oz-ozdan ishlatadi va asosan bozorlarda o‘tkazadi. Shu o‘rinda Murod Tastambekovni ham Nazar Yusupov o‘ldirgani oydinlashadi.
Ma’lum bo‘lishicha, bozorda go‘sht sotadigan Murod soxta pullar bo‘yicha militsiya so‘roq qilgandan so‘ng ularni o‘ziga Nazar Yusupov berayotganini sezib qoladi. U Nazarni sotmaslik evaziga undan yigirma ming rubl talab qiladi. Soxta emas, haqiqiy pullar.
Shundan so‘ng Nazar Yusupov u bilan istirohat bog‘ida uchrashishga kelishadi va o‘sha yerda og‘ir tosh bilan uning boshiga zarba beradi. U o‘sha kuni militsiyani chalg‘itish uchun sal nariroqda o‘zi bilan olib borgan ayollar tuflisini kiyib olgan va uning yordamida iz qoldirgandi.
Ko‘p o‘tmay tergov tugaydi va sud Yusupovni pullarni soxtalashtirgani va qotillik uchun oliy jazo – o‘limga hukm etadi. Oradan ikki oy o‘tgach hukm ijro etiladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024
KGB boshlig‘idan davlat rahbariga aylangan shaxs – qattiqqo‘l Andropov suiqasd qurboni bo‘lganmi?
12:13 / 07.12.2024