Jahon | 11:34 / 26.12.2024
5881
3 daqiqa o‘qiladi

Qora dengizni qoplagan mazut dog‘ining koinotdan ko‘rinishi - foto

Halokatga uchragan rus tankerlaridan haligacha mazut oqib chiqyapti. Oqibatda qirg‘oqlar ifloslanishi davom etyapti.

Foto: RBK

Rossiya Fanlar akademiyasi mazut tashiyotgan ikki tanker halokatidan so‘ng neft mahsulotlari Qora dengiz sohilida qanday tarqalayotgani aks etgan tasvirlarni ko‘rsatdi.

Rossiyaning “Volgoneft-212” va “Volgoneft-239” yuk tankerlari 15 dekabr kuni, Kerch bo‘g‘ozidagi bo‘ron paytida halokatga uchragandi, oqibatda ulardan mazut sizib chiqishni boshladi. Birinchi tanker sayozlikka o‘tirib qolib, ikkiga bo‘linib ketgan, ikkinchisi esa oqim bilan suzib, Taman portining g‘arbiy pirsida cho‘kkan.

Halokatdan so‘ng dengiz suviga tushgan neft mahsulotlari janubi-g‘arbiy shamol ta’sirida Taman porti tomonga surib ketildi. 19 dekabrgacha mazut dog‘i Anapa bilan Katta Utrish qishlog‘i oralig‘ida o‘nlab kilometrni egallashga ulgurdi.

22 dekabr kuni shamol o‘z yo‘nalishini janubi-sharqqa o‘zgartirdi, bu esa neft ifloslanishini Qrim tomon siljishiga va Kerch yarimoroli qirg‘oqlarining ifloslanishiga olib keldi. Undan keyin ham shamol yo‘nalishi bir necha bor o‘zgarib, mazut dog‘i Kerch bo‘g‘ozidagi butun Qrim sohiliga yoyildi.

Rossiyalik olimlar vaziyatni doimiy kuzatib borayotganini ma’lum qildi. Buning uchun ular Kosmik tadqiqotlar instituti tomonidan ishlab chiqilgan See the Sea sun’iy yo‘ldosh axborot tizimi orqali radiolokatsion zondlash ma’lumotlaridan foydalanmoqda.

Ifloslanish oqibatlarini bartaraf etishga qutqaruvchilardan tashqari, kazaklar va ko‘ngillilar ham jalb etilgan. Ifloslangan qum belkuraklar bilan chiqindi qoplariga yig‘ilmoqda. Murakkab ob-havo sharoitlari tufayli tozalash ishlariga qancha vaqt ketishini oldindan aytish qiyin.

Mahalliy aholi ijtimoiy tarmoqlarda neft to‘kilishidan zarar ko‘rgan qushlarning surat va videolarini tarqatmoqda. Qushlarni qutqarish markazi tashkil etilib, unda shifokorlar va ko‘ngillilar jamoasi qushlarni mazutdan tozalash bilan shug‘ullanmoqda. Ayrim joylarda suv yuzasidagi neft qatlamining qalinligi taxminan 30 santimetrga yetgan.

Anapa shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘ngillilar salkam mingta qushni qutqarishga hamda 4 ming tonnaga yaqin ifloslangan qum va tuproqni yig‘ib olishga muvaffaq bo‘ldi.

25 dekabr kuni Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev Anapa va Temryuk rayoni qirg‘oqlariga neft mahsulotlari sizib chiqishi haligacha davom etayotganini ma’lum qildi.

“Olimlar va mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mazutning asosiy qismi Qora dengiz tubida qolishi kerak edi, bu esa uni suvdan yig‘ib olish imkonini berardi. Biroq ob-havo o‘z hukmini o‘tkazmoqda: havo isib, neft mahsulotlari yuqoriga ko‘tarilmoqda. Oqibatda, ular sohillarimizga chiqib qolyapti”, — deydi u.

Mavzuga oid