Azerbaijan Airlines Rossiyaning 10 ta shahriga parvozlarni to‘xtatdi
Aviakompaniya bayonotida aytilishicha, parvozlar Boku-Grozniy reysini amalga oshirgan Embraer 190 samolyotining «fizik va texnik tashqi ta’sir oqibatida sodir bo‘lgan halokati» tergovining dastlabki natijalariga ko‘ra, shuningdek, parvoz uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni hisobga olgan holda to‘xtatiladi.
27 dekabr kuni Ozarboyjonning Boku shahridan Rossiyaning Mineralniye Vodi shahriga parvoz qilgan Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasi samolyoti uchish aeroportiga qaytishga majbur bo‘ldi. Aviakompaniya buni Maxachqal’a osmoni yopilgani bilan izohladi.
Shundan so‘ng, aviakompaniya Rossiyaning ayrim shaharlariga parvozlarni to‘xtatganligi haqida bayonot berdi.
Aviakompaniya bayonotida aytilishicha, Boku-Grozniy reysini amalga oshirgan Embraer 190 samolyotining «fizik va texnik tashqi ta’sir oqibatida sodir bo‘lgan halokati» tergovining dastlabki natijalariga ko‘ra, shuningdek, parvoz uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni hisobga olgan holda, 28 dekabrdan boshlab Bokudan Rossiyaning Mineralniye Vodi, Sochi, Volgograd, Ufa va Samara shaharlariga parvozlar to‘xtatiladi.
Keyinchalik Rossiyaning yana uchta shahri Nijniy Novgorod, Vladikavkaz va Saratovga ham parvozlar to‘xtatildi. 25 dekabr kuni AZAL aviakompaniyasi Bokudan Rossiyaning Grozniy va Maxachqal’a shaharlariga parvozlarni to‘xtatishga qaror qilgan edi.
Shu tariqa, to‘xtatilgan yo‘nalishlar soni 10 tani tashkil etmoqda. Aviakompaniya saytida keltirilishicha, bunga qadar Bokudan Rossiyaning 16 shahriga reyslar amalga oshirib kelingan.
Shu bilan birga, Qozog‘istonning Qazaq Air aviakompaniyasi Ostona - Yekaterinburg yo‘nalishidagi parvozlar «xavfsizlik nuqtayi nazaridan» 27 yanvargacha to‘xtatilganini ma’lum qildi.
26 dekabr kuni Isroilning El Al aviakompaniyasi Tel-Aviv – Moskva yo‘nalishidagi parvozlar bir hafta muddatga to‘xtatilgani, shundan so‘ng, vaziyat qayta baholanishi haqida xabar berdi.
25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines samolyoti Oqtov yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Halokatda 38 kishi nobud bo‘ldi.
Euronews va Reuters agentliklarining Ozarboyjon hukumatidagi manbalarga tayangan holda xabar berishicha, halokatga Rossiya raketasi sabab bo‘lgan. Rossiya rasmiylari tergov yakunlanmagani sababini ko‘rsatib, bu ma’lumotni tasdiqlamadi.
Mavzuga oid
21:41 / 27.12.2024
Rossiyaning Saratov oblastida migrantlarga yana 3 sohada ishlash taqiqlandi
20:59 / 27.12.2024
Rossiya floti zamonaviy atom suvosti kemasiga ega bo‘ldi
19:32 / 27.12.2024
Oqtovdagi aviahalokat: hozircha javobi yo‘q savollar
19:14 / 27.12.2024