G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar, Ozarboyjon samolyoti halokati sababi va Yamanga hujum uyushtirgan Isroil - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azo hukumati Isroil tomonidan «Al-Quds al-Yawm» telekanali mashinasiga qilingan hujumni harbiy jinoyat deb baholadi. Hujum G‘azoning markaziy qismidagi Nusayrat qochqinlar lagerida sodir bo‘ldi. Besh nafar jurnalist — operator Ayman al-Jadiy va jurnalistlar Faysal Abu al-Qumsan, Ibrohim ash-Shayx Ali, Muhammad al-Led va Fadiy Hassun qurbon bo‘ldi.
Hukumat matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu mashina telekanalning jonli efirlari uchun foydalanilgan. Isroilning bu harakatlari xalqaro qonunlarga zid ekani ta’kidlandi.
G‘azo hukumati media ofisi direktori Ismoil as-Savabite Isroilning ushbu harakatlarini erkin matbuotga bosim deb baholab, xalqaro hamjamiyatni chora ko‘rishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Isroil hujumlari boshlanganidan buyon 201 nafar falastinlik jurnalist halok bo‘lgan.
Savabitening aytishicha, jurnalistlarga qarshi hujumlar xalqaro huquqlarning ochiqdan ochiq buzilishidir. U xalqaro tashkilotlarni jurnalistlarni himoya qilish va G‘azodagi urushni tugatish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.
G‘azo sektorida Isroil hujumlari bir yildan ziyod vaqtdan beri davom etmoqda, minglab o‘quvchilar ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan. Janubdagi Xon Yunus shahrida majburiy ko‘chirilgan oilalarning bolalari uchun «Ar-Rahma» boshlang‘ich maktabi chodir shaharchasida faoliyat boshladi.
Shu bilan birga, bugun kechqurun Isroil armiyasi G‘azo sektoriga hujum uyushtirib, 14 nafar falastinlik tinch aholi vakillarini o‘ldirdi va kamida 50 kishi yaralangani xabar qilindi.
Yamanga hujum uyushtirgan Isroil
Isroil harbiy havo kuchlari Yaman poytaxti Sano xalqaro aeroporti va Hudayda portiga havo hujumlari amalga oshirdi. Hujum natijasida aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi, dispetcherlik minorasi va ayrim samolyotlar zararlangani xabar qilindi.
Hududdagi boshqa obektlarga, jumladan, Haziz elektr stansiyasi, Hudayda porti va neft qayta ishlash zavodlariga ham hujumlar uyushtirildi. Xusiychilarning «Al-Masiyra» Telegram kanalida hujumlar tasdiqlangan.
Intensiv bombardimonlar husiychilar yetakchisi Abdulmalik al-Husiy televideniyeda chiqish qilgan vaqtda sodir etilgan. Shuningdek, bu hujumlar Isroil tomonidan AQSh roziligi bilan amalga oshirilgani haqida Jerusalem Post xabar berdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyyesus hujumlar vaqtida Sano aeroportida bo‘lganini ma’lum qildi. Uning reysi uchishga tayyorlanish chog‘ida hujum sodir bo‘lgan. Gebreyyesusning aytishicha, dispetcherlik manorasi va uchish yo‘lagiga yetkazilgan zarar tufayli aeroport faoliyati to‘xtagan.
Qochqinlar Suriyaga qaytmoqda
BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi ma’lum qilishicha, qo‘shni davlatlardan Suriyaga qaytgan qochqinlar soni 3 hafta ichida 50 mingdan oshgan.
Grandi ijtimoiy tarmoqda Suriyaga qochqinlarning qaytishini Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarish, deb baholadi. U qo‘shni davlatlardan Suriyaga qaytayotganlarning soni bosqichma-bosqich oshib borayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Suriyada yashash sharoiti hamon og‘ir ekanligini qayd etdi. Grandi qaytayotgan qochqinlar va ehtiyojmandlar uchun yanada ko‘proq humanitar yordam yetkazish zarurligini bildirdi.
Suriya Erondan tovon talab qilmoqchi
Livanning Al Modon nashrining xabar qilishicha, Suriyaning yangi ma’muriyati Eronga qarshi xalqaro sudlarga murojaat qilish uchun memorandum tayyorlamoqda. Memorandumda Tehronning «jinoiy va biryoqlama» siyosatlari sabab yetkazilgan zarar uchun Suriya xalqiga 300 mlrd dollar tovon to‘lash talabi ilgari surilgan.
Mazkur talab Eron qo‘llovidagi qurolli guruhlarning Suriyadagi harakatlari va ularning Bashar Asad rejimi manfaatlariga xizmat qilgan urush davridagi ta’sirlariga bog‘liq.
Shuningdek, Suriyaning yangi ma’muriyati Eron bilan har qanday diplomatik muloqotlar, jumladan, Tehron va Damashqda elchixonalarni qayta ochish masalalari bo‘yicha aloqalar mavjudligi haqidagi xabarlarni rad etdi.
Bundan oldin Eron hukumati matbuot kotibi Fotima Muhojironiy yangi Suriya ma’muriyati bilan diplomatik munosabatlarni tiklash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotganini aytgan edi.
Ozarboyjon samolyoti urib tushirilgan
Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga parvoz qilgan samolyoti Rossiyaning «Pansir-S» havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgani to‘g‘risida Reuters agentligi xabar berdi.
Tergov jarayoniga yaqin manbalarning ma’lum qilishicha, samolyot Grozniy yaqinida radioelektron kurash tizimlari ishga tushirilgani sababli aloqasiz qolgan. Grozniy ustida dronlar faolligi kuzatilgan vaqtda samolyotga raketa uchirilgan, raketa samolyot yaqinida portlab, uning tashqi qoplamasiga jiddiy zarar yetkazgan.
Ozarboyjon hukumati Rossiyaning ushbu hodisada aybdorligini tan olishini kutmoqda. Avvalroq Euronews telekanali ham mazkur aviahalokatga Rossiya raketasi sabab bo‘lganini xabar qilgandi.
Samolyotga Rossiya aeroportlariga avariyaviy qo‘nishga ruxsat berilmagan va Kaspiy dengizi orqali Oqtov yo‘nalishida uchishga majbur qilingan. 25 dekabr tongida sodir bo‘lgan aviahalokat natijasida 38 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 29 kishi omon qoldi.
AZAL aviakompaniyasi Embraer 190 samolyoti halokati natijasida jabrlanganlar va halok bo‘lganlarning oila a’zolariga tovon puli miqdorini belgiladi.
Ma’lumotga ko‘ra, jabrlangan har bir shaxsga 11,76 ming dollar, halok bo‘lgan har bir kishining oilasiga esa 23,52 ming dollar miqdorida tovon to‘lanadi.
Yaponiyadan Ukrainaga yordam
Yaponiya Ukrainaga Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromad hisobidan 3 mlrd dollar ajratadi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng ma’lum qildi.
Bir oy oldin Tokio Ukrainaga G7 tashabbusi doirasida 50 mlrd dollarlik kredit ajratishni rejalashtirgan edi, bu mablag‘ muzlatilgan Rossiya aktivlari bilan kafolatlangan.
Zelenskiy suhbat chog‘ida Yaponiya hukumati va xalqining 12 mlrd dollarlik keng ko‘lamli humanitar va moliyaviy yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu yordam minglab insonlar hayotini saqlab qolishga ko‘maklashmoqda.
Yaponiya Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Kiyevga moliyaviy, humanitar va o‘ldirmaydigan qurol-yarog‘lar yetkazib, harbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Slovakiya Ukraina bo‘yicha muzokaralar uchun tayyor
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi uchrashuvda Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni muhokama qilganini ma’lum qildi.
Fitso Slovakiyani muzokaralar maydoni sifatida taklif etgan va Putinning ta’kidlashicha, Rossiya ushbu taklifga qarshi emas. Putin Slovakiyani neytral pozitsiyada turgan mamlakat sifatida ko‘rishini va bu variant Rossiya uchun ma’qul ekanini bildirdi.
Putin, shuningdek, Ukrainadagi mojaroni yakunlashga intilayotganini ta’kidladi.
Qora dengiz sohiliga yoyilgan mazut
Krasnodar o‘lkasida mazut to‘kilishi tufayli Rossiyada federal darajada favqulodda holat rejimi joriy etildi.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu hodisa qo‘shimcha kuchlar va moliyaviy yordam jalb qilish imkonini beradi. Hukumat zaxira fondidan jabr ko‘rgan hududlarga yordam ko‘rsatiladi.
Mazut to‘kilgan hududni nazorat qilish hududi 220 km bo‘lib, uni tozalash uchun 10 ming kishi va 360 texnika jalb qilingan. Volontyorlar yordamida 1154 ta qush qutqarildi.
Qirg‘oqlardan yig‘ishtirib olingan mazutlar tegishli tarzda yo‘q qilinmayotgani, shunchaki qirg‘oqdan sal narida yoki aholi punktlari yaqinida ko‘mib yuborilayotgani, bu esa sizot suvlarni ifloslantirishi mumkinligi haqida ham xabarlar berilmoqda.
Tramp tahdidda hazillashmayapti
AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Truth Social’dagi Rojdestvo tabrigida yana o‘z prezidentligi davrida Kanada, Grenlandiya va Panama kanalini AQShga qo‘shish g‘oyasini ilgari surdi.
Tramp o‘z nutqini Xitoy askarlariga ishora qilib: «Rojdestvo muborak! Panama kanalini noqonuniy boshqarayotgan xitoylik askarlarga ham», — deya boshladi. U shuningdek, kanal qurilishida 38 ming amerikalik qurbon bo‘lganini, kanalni ta’mirlash uchun yiliga milliardlab dollar sarflanayotganini eslatdi.
Tramp Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoni «Kanada gubernatori» deb atab, Kanada AQShning 51-shtatiga aylansa, soliqlari 60 foizga tushishini aytdi.
U Grenlandiyaga ham murojaat qilib, uni AQSh uchun milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan zarur hudud deb atadi. «Xalqimiz istayapti. Biz u yerda bo‘lamiz!» — dedi u.
Shu bilan birga, Daniya hukumati Grenlandiya xavfsizligini mustahkamlash uchun 1,5 mlrd dollar ajratayotganini e’lon qildi. Panama prezidenti Rikardo Mulino esa bu bayonotlarga keskin javob berdi: «Panama kanali bizniki va suverenitetimiz muhokama qilinmaydi!»
Mavzuga oid
13:10 / 26.12.2024
Ozarboyjon samolyotining halokati, G‘azodagi energetik inqiroz va Suriyadan Liviyaga ko‘chayotgan Rossiya bazalari - kun dayjesti
13:45 / 25.12.2024
Kuchli qamalda qolgan G‘azo, Haniyani yo‘q qilganini tan olgan Isroil va Rossiyaga rad javobi bergan Sudan - kun dayjesti
14:14 / 24.12.2024
G‘arbiy sohildagi okkupatsiya, «Mossad»ning Eronga hujum taklifi va transgenderlarga qarshi Tramp - kun dayjesti
13:18 / 23.12.2024