Lukashenko va Pashinyan gap talashib qoldi
Rossiyadagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yig‘ilishida sizga aytmasak bo‘lmaydigan qiziq ish bo‘ldi. Yo‘q, bu gal Imomali Rahmon «bizni ikkinchi sort odam deb hisoblayapsan» qabilida gapirib, Putinni tuzlagani yo‘q. Bu safar Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan diplomatchasiga urishib qolishdi.
Lukashenko nima dedi?
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko do‘sti Putinga yaxshi ko‘rinishni istagan shekilli, Pashinyan Peterburgga kelmaganiga e’tiroz bildirdi. Hatto Pashinyanning ustidan kulishga urindi. Yig‘ilishda Nikol Pashinyan videoformatda qatnashayotgandi.
«Rais sifatida istagan bo‘lardimki, hamkorlarimizga bizning ittifoqimiz qiziq bo‘lsa, ular televizor orqali biz bilan qanday hamkorlik qilishini aytishini emas, o‘zi kelib qatnashishini. Nikol Ivanovich, bu gapimning sizga aloqasi yo‘q. Xabarim bor, siz soqolingizni oldirganingizdan tashqari biroz betobsiz. Shu uchun sizni yosh, tashqi hamkorimiz deb qabul qilaman», deb televizor orqali yig‘ilishda qatnashayotgan yagona ishtirokchi Pashinyanning ustidan kuldi Lukashenko.
Armaniston bosh vaziri esa Lukashenkoning gapidan jahli chiqib, Minskda o‘tadigan keyingi yig‘ilishga ham bormasligini, Armaniston delegatsiyasi ham unda videoformatda qatnashishini aytdi. Shunda Lukashenko nima muammo, odamlaringizni olib borolmasangiz, biz buni tashkil qilishimiz mumkin yoki Minsk sizga shunchalik uzoqmi, deb dahanaki jangga kirishdi. Pashinyan esa bunaqa gaplarni videoformatda gaplashsa ham bo‘ladi deb javob qaytardi.
Bu dahanaki jangda oxirgi nuqtani ham Nikol Pashinyan qo‘ydi. Uning gapiga bir necha soniya hech kim javob bermagach, «U yerdagi televizorda muammo bor shekilli», dedi Armaniston bosh vaziri.
Gap nimada o‘zi?
Lukashenko bejizga Pashinyanga bunaqa duel taklif qilmadi. Gap shundaki, Oliy Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yig‘ilishi Yerevanda o‘tishi kerak edi. Ammo Armaniston uni o‘zida qabul qilmasligini bildirdi. Buni ishtirokchi davlatlarning hammasi ham Armaniston uchun xushlangan mamlakatlar emasligi bilan izohladi.
Keyin Pashinyan Peterburgdagi yig‘ilishga ham bormasligi, yig‘ilishda onlayn qatnashishini aytdi. Rossiyaga bormaslikka koronavirusga chalinib qolganini bahona qildi. Ko‘pchilik Pashinyan koronavirusni aynan Rossiyaga bormaslik uchun bahona sifatida o‘ylab topdi degan xulosaga keldi. Lukashenko ham shunga ishora qildi.
Bu yerda boshqa masala ham bor. Agar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yig‘ilishi Yerevanda o‘tkazilsa, unga rasman Vladimir Putin ham borolmasdi. Chunki Armaniston Rim statutini ratifikatsiya qilgan va uning talabiga ko‘ra Xalqaro Haaga sudi hibsga olishga order bergan Vladimir Putinni qo‘lga olib topshirishga majbur. Qizig‘i, Armaniston Rim statutini Haaga sudi Putinni hibsga olishga order berganidan keyin ratifikatsiya qilgandi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
17:20 / 28.12.2024
Lukashenko yana 20 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
18:53 / 10.12.2024
Lukashenko: Belarusda o‘nlab yadroviy kallaklar bor
02:18 / 07.12.2024
Putin va Lukashenko xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi
23:47 / 23.11.2024