Jahon | 15:08 / 29.12.2024
17455
11 daqiqa o‘qiladi

SSSR va Rossiya tomonidan urib tushirilgan samolyotlar

Fuqaro aviatsiyasi tarixida ko‘plab yo‘lovchi samolyotlari urib tushirilgan. Shu jumladan, sovetlar tomonidan ham. SSSR parchalangandan keyin ham ularni urib tushirish davom etmoqda. So‘nggi hodisa 25 dekabr kuni Ozarboyjon samolyoti bilan sodir bo‘ldi va uni Rossiya urib tushirgani aytilmoqda. 28 dekabr kuni Putin halokat yuzasidan Ilhom Aliyevdan uzr so‘radi. Biroq Rossiya shu paytgacha o‘zi gumonlangan boshqa hodisalarda samolyot urib tushirganini tan olmagan.

Fotokollaj: Kun.uz

2024 yil 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasiga qarashli Boku – Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotgan Embraer E190 samolyoti qulab tushdi.

Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 67 odamdan 38 nafari halok bo‘ldi. 29 kishi tirik qoldi, biroq ularning ayrimlari shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda.

Avvaliga samolyot Grozniy va Maxachqal’a aeroportlariga qalin tuman tufayli qo‘na olmagani va Oqtovga uchishga majbur bo‘lgani, keyinroq Embraer E190ʼning qulab tushishiga qushlar galasi sababchi bo‘lgani aytildi.

Biroq samolyot fyuzelajida aniqlangan teshiklar, u havoda bo‘lgan paytida o‘qqa tutilgan degan taxminni keltirib chiqardi. Jumladan, Euronews telekanali o‘z manbasiga tayanib samolyotga Grozniy tepasida Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari raketa zarbasi bergani haqida xabar berdi.

Unga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Grozniyda dronlar “faollashgan” vaqtda (shu vaqtda Kavkazdagi regionlarga ukrain dronlari hujum qilayotgandi) AZAL samolyoti tomonga raketa uchirgan. Raketa samolyot yaqinida portlab, uning qoplamasiga zarar yetkazgan. Buni Euronews telekanalining Ozarboyjon hukumatidagi manbalari ham tasdiqlagan.

Oqtov shahri yaqinida qulab tushgan samolyotning dum qismi

Euronews telekanali manbalari uchuvchilar favqulodda qo‘nishni so‘raganiga qaramay, shikastlangan samolyotga Rossiya aeroportlariga qo‘nishga ruxsat berilmaganini aytgan. Ekipajga Kaspiy dengizi orqali Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri tomon uchish kerakligi aytilgan.

Azerbaijan Airlines “samolyot fizik va texnik tashqi ta’sir oqibatida halokatga uchragani” haqida bayonot berdi. Rossiya tomoni esa hozircha hodisa haqida hech qanday izoh bermadi.

Agar fuqaro aviatsiyasi tarixiga nazar tashlansa, Oqtovdagi hodisa yagona emas. Shu paytgacha Rossiya bir qancha samolyotlarni urib tushirganlikda ayblangan.

Bu davlat hatto aniq dalillar bo‘lsa ham shu paytgacha yo‘lovchi samolyotlarini urib tushirganini tan olmagan. Biroq 2024 yil 28 dekabr kuni Vladimir Putin Ilhom Aliyevdan uzr so‘radi.

Oqtov shahri yaqiniga qulab tushgan samolyot

Kreml matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Putin Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Oqtovda sodir bo‘lgan halokatni muhokama qilgan.

“Putin Ozarboyjon samolyoti bilan sodir bo‘lgan voqea Rossiya havo hududida yuz bergani uchun Aliyevdan uzr so‘radi. Rossiya prezidenti aviahalokatda qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga yana bir bor hamdardlik bildirdi”, deyiladi xabarda.

Xabarga ko‘ra, Rossiya tergov qo‘mitasi Jinoyat kodeksining 263-moddasi (havo transporti harakati xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi ochgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, fuqarolik va harbiy mutaxassislar so‘roq qilinmoqda.

Quyida Rossiya urib tushirganlikda gumon qilingan samolyot halokatlari haqida gaplashamiz.

Polsha prezidenti o‘tirgan samolyot halokati

2010 yil 10 aprel kuni Polsha poytaxti Varshavadan Rossiyaga parvoz qilayotgan Tu-154 samolyoti Smolenskdagi aerodrom yaqinida halokatga uchraydi.

Oqibatda 8 nafar ekipaj a’zosi va 88 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlar orasida Polsha prezidenti Lex Kachinski, uning rafiqasi, yuqori lavozimdagi mutasaddilar va harbiylar bor edi.

Halokatni o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan komissiya hodisa noqulay ob-havo tufayli sodir bo‘lgan deb xulosa bergan. Ammo boshqa taxminlar ham bildirilgan.

Bu hodisa bo‘yicha ko‘plab tekshiruvlar va surishtiruvlar o‘tkazilgan. Polsha tomoni hodisada Rossiyani ayblagan, Moskva esa halokatga aloqasi yo‘qligini aytgan.

Polsha prezidenti parvoz vaqtida uchuvchilar xonasiga kirib, ularga bosim o‘tkazib, turli buyruqlar berib turgan. Ayrimlar Smolenskda ham qayerga qo‘nishni u hal qilgan va uchuvchilar buyruqni bajargan deyishadi.

Nima bo‘lganda ham Smolenskdagi hodisada Rossiya tomoni ham ayblanadi va ular halokatni uyushtirganlikda gumonlanadi.

Donetskdagi hodisa

Donetsk osmonida urib tushirilgan samolyot qoldiqlari

2014 yil 17 iyul kuni Amsterdam – Kuala-Lumpur yo‘nalishida parvoz qilayotgan Malaysia Airlines aviakompaniyasiga qarashli Boeing 777 Donetsk shahri yaqinida urib tushiriladi. Oqibatda samolyot bortidagi 298 kishi halok bo‘ladi.

O‘sha paytda Donetsk atrofida Rossiya armiyasi qo‘llab turgan ayirmachilar va Ukraina armiyasi o‘rtasida jangovar harakatlar bo‘lib turgandi.

Halokatdan so‘ng tomonlar samolyotning urib tushirilishida bir-birini ayblaydi. Keyinroq samolyotga Rossiyaga tegishli “Buk” zenit-raketa tizimi bilan zarba berilgani oydinlashadi.

Ayirmachilar, aniqrog‘i Rossiya harbiylari Malayziya samolyotini Ukrainaning An-26 samolyoti deb o‘ylab, unga raketa bilan zarba beradi.

2022 yil Haaga okrug sudi samolyotni urib tushirishda Donetsk xalq respublikasi ayirmachilar qo‘mondoni bo‘lgan Igor Girkinni aybdor deb topadi.

Sovetlar urib tushirgan yo‘lovchi samolyotlari

SSSR harbiylari tomonidan ham bir qancha yo‘lovchi samolyotlari urib tushirilgan. Ular orasida hatto sovetlarning o‘z samolyoti ham bor.

1962 yilda Krasnoyarsk o‘lkasida qulab tushgan Tu-104 samolyotini avvaliga noqulay ob-havo yoki uchuvchilar xatosi tufayli halokatga uchragan deb topishadi.

Biroq xuddi Oqtovda qulab tushgan samolyotda bo‘lgani kabi Tu-104 fyuzelajida teshik topilgach, uni harbiylar urib tushirgani oydinlashadi.

Quyida sovetlar tomonidan urib tushirilgan yo‘lovchi samolyotlari haqida so‘z yuritamiz.

Bolgariyada urib tushirilgan Isroil samolyoti

1955 yilda urib tushirilgan Lockheed L-049 Constellation shu ko‘rinishda bo‘lgan

Sovet harbiylari tomonidan yo‘lovchi samolyotining urib tushirilishi hodisasi ilk bor o‘tgan asrning 50-yillarida sodir bo‘ladi.

1955 yil 27 iyul kuni Isroilning El Al aviakompaniyasiga qarashli Lockheed L-049 Constellation samolyoti London – Vena – Istanbul – Tel-Aviv yo‘nalishida uchayotganda Bolgariya osmonida urib tushiriladi.

Samolyotni Bolgariyada joylashgan SSSR harbiy havo kuchlari bazasida xizmat qilgan sovetlarning MiG-15 qiruvchi samolyoti urib tushirgandi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 51 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zolari halok bo‘ladi.

Keyinchalik o‘tkazilgan surishtiruvlarda samolyot yo‘ldan adashib, Bolgariya havo hududiga ruxsatsiz kirib ketgani ma’lum bo‘ladi. O‘shanda SSSR o‘z aybini tan olmaydi.

Bir necha yil davom etgan sud jarayonlaridan keyin, 1959 yilda Xalqaro sud hukmi bilan halok bo‘lganlarning oila a’zolariga tovon pulini Bolgariya to‘lab beradi.

O‘z samolyotini urib tushirgan SSSR

Tu-104

1962 yil 30 iyunda Aeroflot aviakompaniyasiga qarashli Tu-104 samolyoti Xabarovsk – Irkutsk – Omsk – Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchayotganda Krosnoyarsk o‘lkasi hududida qulab tushadi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 76 nafar yo‘lovchi va 8 nafar ekipaj a’zolari vafot etadi.

Hodisa yuzasidan surishtiruv olib borgan komissiya halokatga samolyotning bulutlar orasiga tushib qolishi yoki uning salonida sodir bo‘lgan ish sabab bo‘lgan degan xulosaga keladi.

Ammo samolyot bo‘laklarining biridan diametri 20 santimetr bo‘lgan teshik topiladi. Teshikning atrofi kuygan edi. Tu-104 o‘sha hududda joylashgan havo hujumidan mudofaa bo‘limidan mashg‘ulot paytida uchirilgan zenit raketasi bilan urib tushirilgandi.

Aksariyat voqea va hodisalarni ommadan yashirgan sovetlar Tu-104 samolyoti harbiylar tomonidan urib tushirilganini ham odamlardan yashiradi. Hodisa tafsilotlari SSSR parchalanib ketgandan so‘ng ommaga oshkor bo‘ladi.

Saxalinda urib tushirilgan Koreya samolyoti

1983 yil 1 sentabr kuni SSSRning Su-15 qiruvchi samolyoti Janubiy Koreyaning Korean Air Lines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 747 samolyotini urib tushiradi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 269 kishining barchasi halok bo‘ladi.

Avvaliga SSSR samolyotni urib tushirganini tan olmaydi. Biroq ko‘p o‘tmay Boeing 747 urib tushirilgani aniq dalillar bilan isbotlanadi. Shunda sovetlar Boeing 747 chegarani kesib, SSSR hududiga o‘tgani va uni harbiy samolyot deb gumon qilib, urib tushirilganini aytishadi.

O‘shanda xalqaro hamjamiyat SSSR harbiylari samolyotning fuqaro aviatsiyasiga tegishli ekanini bila turib urib tushirgan, degan xulosaga keladi. Shundan so‘ng G‘arb davlatlarining SSSR bilan munosabatlari battar sovuqlashadi: Afg‘on urushi tufayli e’lon qilingan sanksiyalar yanada kuchaytiriladi.

Murmanskda majburan qo‘ndirilgan samolyot

1978 yil 20 aprelda Janubiy Koreyaning Korean Air Lines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 707 samolyoti Parijdan Seulga parvoz qilayotganda adashib, SSSR hududiga o‘tib ketadi. O‘shanda samolyot bortida 97 yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zolari bo‘lgan.

Shundan so‘ng darhol havoga harbiy samolyotlar chiqariladi va ular Boeing 707ʼga raketa bilan zarba berishadi. Samolyot jiddiy shikastlanadi va qulab tushmaslik uchun Kareliyadagi muzlagan ko‘lga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ladi.

Boeing 707 darhol sovet harbiylari tomonidan o‘rab olinadi. Tunda yo‘lovchilar pastga tushiriladi. Raketa zarbasi tufayli bir yo‘lovchi halok bo‘lgani, o‘ndan ortiq odam jarohatlangani oydinlashadi.

21 aprel kuni ertalab Boeing 707 yo‘lovchilari va ekipaj a’zolarini vertolyotlar yordamida avval harbiy bazaga, keyin samolyot bilan Murmansk shahriga olib borishadi. So‘ng ular Xelsinkiga jo‘natiladi.

Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari Xelsinkidan AQShga qarashli Boeing 727 samolyoti bilan Janubiy Koreyaga uchirib yuboriladi.

Samolyotning ikki nafar uchuvchisi – ekipaj komandiri va shturman olib qolinadi. Ular SSSR havo hududini buzib kirishda ayblanadi va KGB tomonidan tergov qilinadi. So‘ng SSSRdan chiqarib yuboriladi. Boeing 707 SSSRda qoladi.

Kun.uz saytidan va uning YouTubeʼdagi kanalidan uzoqlashmang, keyingi maqolada boshqalar tomonidan urib tushirilgan yo‘lovchi samolyotlari haqida ma’lumot beramiz.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid