Jahon | 22:24 / 31.12.2024
4202
2 daqiqa o‘qiladi

Rimda boshpanasizlar uchun qishki palatkalar paydo bo‘ldi

Italiya poytaxti kengashi qishda boshpanasiz insonlar uchun mo‘ljallangan navesli konstruksiyalarni qurishga 4,3 million yevro ajratgani ma’lum bo‘ldi. Ammo Rimda 22 mingga yaqin boshpanasizlar bo‘lib, bu ularning barchasini qamrab olishga yetmaydi.

Rim munitsipaliteti sovuq qish oylarida boshpanasizlar uchun navesli konstruksiyalarini qurishga 4,3 million yevro ajratdi, deb xabar beradi Euronews.

Qayd etilishicha, 2024 yil bahorda Rim shahar kengashi qishda boshpanasiz insonlar uchun mo‘ljallangan navesli konstruksiyalarni qurishga 4,3 million yevro ajratgan. Rejaga ko‘ra, Termini, Tiburtina, Ostiyense va San-Petro vokzallarida har biri 70 kishini sig‘dira oladigan hamda 24 soat faoliyat yurituvchi to‘rtta palatkali boshpana ish boshlashi kerak edi. Ularni 2025 yilda Rimning yubiliyeyi munosabati bilan foydalanishga topshirish rejalashtirilgandi.

Loyiha joylar sonining kamligi va vaqtincha ekani bois tandiqlarga uchramoqda. Rimda 22 mingga yaqin boshpanasizlar mavjud, mahalliy hukumat bu kabi turarjoy manzillari sonini oshirishni va’da qilayotgan bo‘lsada, ushbu choralar muhtojlarning faqat kichik qismini qamrab oladi xolos.

Caritas Ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining 2024 yilgi hisobotida ta’kidlanishicha, Italiyada mutlaq qashshoqlik yangi nuqtaga chiqqan — u mamlakat aholisining qariyb 10 foizini (5,7 million kishi) qamrab olgan. Hisobot mualliflariga ko‘ra, italiyaliklar tushib qolayotgan og‘ir vaziyat nafaqat iqtisodiy, balki uy-joy, sog‘liqni saqlash va ta’lim olish kabi ehtiyojlarni ham o‘z ichiga oladi.

ISTAT ma’lumotlarida keltirilishicha, 2021 yilda Italiyadagi 2198 ta munitsipalitetda 96 mingdan ziyod boshpanasiz inson yashagan. Ularning yarmi oltita munitsipalitet hisobiga to‘g‘ri keladi, xususan, Rimning o‘zida jami boshpanasizlarning 23 foizi yashaydi.

Yevropa parlamenti munosib uy-joyga ega bo‘lishni insonning asosiy huquqlaridan deb hisoblaydi. Shunga asoslanib, YeI qonun chiqaruvchi organi 2020 yil 24 noyabrdagi rezolyutsiyasida blokka a’zo davlatlardan 2030 yilgacha uysizlar muammosini hal etishni talab qilgan.

Mavzuga oid