Germaniya va Fransiya TIV rahbarlari Suriyaga bordi
Annalena Berbok hamda Jan-Noel Barro Asad rejimi qulaganidan keyin Damashqqa tashrif buyurgan Yevropa tashqi siyosiy idoralarining ilk rahbarlari bo‘ldi. Ular Yevropa Ittifoqi nomidan Suriyaning yangi rahbari bilan muzokaralar o‘tkazadi.
Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Annalena Berbok hamda Jan-Noel Barro Suriyaga tashrif buyurdi. Ular Yevropa Ittifoqi nomidan mamlakatning yangi rahbari Ahmad al-Shar’a, shuningdek, Suriya fuqarolik jamiyati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazadi.
Berbokning bayonotida aytilishicha, Germaniya Suriya xalqiga hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishda yordam bermoqchi, ammo ta’kidlanishicha, o‘zgarishlar faqat yangi Suriya jamiyati siyosiy jarayonlarda etnik yoki diniy guruhidan qat’iy nazar barchaga o‘rin taklif qilsa, shuningdek, ularning huquqlari va himoyasini kafolatlasa amalga oshishi mumkin.
Shuningdek, Berbok «Rossiya Suriyadagi harbiy bazalarini tark etishi lozimligi, Asad rejimini uzoq vaqt davomida qo‘llagan va uning harbiy jinoyatlariga ko‘z yumgan shaxs aynan Vladimir Putin hisoblanishi»ni qayd etdi.
Berbok va Barro Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin Damashqqa kelgan Yevropa tashqi siyosiy idoralarining ilk rahbarlari bo‘ldi.
8 dekabr kuni Suriya prezidenti Bashar Asad hukumatiga qarshi isyonchilar Damashqqa kirib hokimiyatni qo‘lga oldi. Asad hamda uning oilasi hokimiyat qo‘ldan boy berilganidan keyin Moskvaga qochib ketdi. Bloombergʼning yozishicha, Asadning qochishini Rossiya razvedkasi xodimlari tashkillashtirgan. Rossiya davlat OAV Bashar Asad o‘z oila a’zolari bilan Moskvaga yetib kelgani, unga boshpana berilgani haqida xabar berdi. Ko‘p o‘tmay RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov mazkur ma’lumotlarni tasdiqladi.
Bashar Asad rejimi qulaganidan bir kun o‘tib Yevropa davlatlari hukumatlari suriyalik qochqinlarga boshpana taqdim etish to‘g‘risidagi arizalarni ommaviy ravishda ko‘rib chiqishni to‘xtatdi.
Mavzuga oid
22:52 / 05.01.2025
Germaniya suriyalik qochqinlar uchun himoya maqomini bekor qiladi
23:55 / 04.01.2025
Geosiyosiy hafta tahlili: gaz tranzitini to‘xtatgan Ukraina, Rossiyadan norozi Ozarboyjon va tanlov qarshisidagi Suriya
08:10 / 04.01.2025
Berbok Asad rejimi qurbonlari uchun adolat talab qildi
14:40 / 03.01.2025