Nemislarning yarmidan ko‘pi - Ukrainaga tinchlikparvarlarni yuborish tarafdori
Germaniya kansleri Shols tinchlikparvar kuchlar haqida jamoatchilik muhokamasiga qarshi chiqdi, chunki harbiy harakatlar to‘xtatilishidan hali darak yo‘q. Mudofaa vaziri Pistorius ham bu masalani muhokama qilishni erta deb hisoblayapti.
Germaniya aholisining yarmidan ko‘pi Rossiya bilan sulh tuzilgan taqdirda Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu YouGov sotsiologik xizmati tomonidan 20-23 dekabr kunlari o‘tkazilgan reprezentativ so‘rov natijalari, deb xabar berdi dpa agentligi 2 yanvar, payshanba kuni.
Respondentlarning 56 foizi tinchlikparvar kuchlarni yuborish tarafdori bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i 23 foizi ular tarkibida nemis harbiy xizmatchilarini ko‘rishni xohlaydi, respondentlarning uchdan bir qismi (33 foiz) Bundesver ishtirokiga qarshi. So‘rovda qatnashgan Germaniyaning deyarli har beshinchi aholisi (19 foiz) Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qarshi. Har to‘rtinchi odam bu masala bo‘yicha aniq fikrga ega emas.
NATO ayni damda Ukraina va Rossiya o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishni qanday qilib ta’minlash mumkinligi masalasini muhokama qilmoqda. Biroq, hozircha harbiy harakatlar tez orada tugashi bo‘yicha hech qanday belgi yo‘q.
Shu munosabat bilan Germaniya kansleri Olaf Shols tinchlikparvar kuchlar haqidagi jamoatchilik muhokamasiga qarshi chiqdi. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius rojdestvo oldidan Funke media-guruhiga bergan intervyusida, tinchlikparvarlar masalasi faqat sulh parametrlari aniqlanganda paydo bo‘lishini aytdi. Shu bilan birga, u «Yevropadagi eng yirik NATO a’zosi va qit’aning yetakchi iqtisodiyoti bo‘lgan Germaniya bunga befarq qarab turmasligini» ta’kidladi.
Nemislarning aksariyati hukumat migratsiya siyosatini tanqid qilyapti
Germaniyaning to‘rt nafar fuqarosidan uch nafari Germaniya hukumati noqonuniy migratsiyaning oldini olish uchun yetarlicha harakat qilmayapti, deb hisoblaydi. 8 dekabr kuni e’lon qilingan dpa agentligi buyurtmasi bilan YouGov sotsiologik instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijasi shundan dalolat bermoqda. Tadqiqotning o‘zi, dpa qayd etishicha, 29 noyabrdan 3 dekabrgacha davom etgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, nemislarning atigi 14 foizi federal hukumat muammoni hal qilish uchun yetarli chora ko‘rayotganiga ishonadi. Respondentlarning yana 11 foizi aniq javob berishga qiynalgan. Bundan tashqari, har ikkinchi nemis mehnat migratsiyasini boshqarish sohasini hali ham takomillashtirish uchun imkoniyatlar mavjud deb hisoblaydi.
Umuman olganda, respondentlarning 93 foizi noqonuniy migratsiyani muammo deb hisoblaydi, 51 foizi muammoni «juda katta», 27 foizi esa «jiddiy» sifatida ko‘radi. Har yetti nemisdan biri buni «ahamiyatsiz» deb hisoblaydi va so‘rovda qatnashganlarning atigi ikki foizi Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmaganlarning Germaniyaga kirish yoki yashash uchun ruxsatnomasiz qolishida muammo yo‘qligini ko‘rmoqda. Har ikkinchi nemis fuqarosi so‘nggi o‘n yil ichida immigratsiya Germaniya uchun yomon natijalar keltirganiga ishonadi.
Mavzuga oid
20:44 / 05.01.2025
Bundestag deputati kansler Shols Putin bilan uchrashgani Moskvaga borishini ma’lum qildi. Germaniya hukumati buni yolg‘on deb atadi
20:26 / 05.01.2025
WP: Ukrainada o‘tgan yili 200 mingga yaqin odam urushga safarbar qilindi
11:23 / 05.01.2025
O‘zbekistonliklar uchun Germaniya vizasini onlayn olish imkoniyati paydo bo‘ldi
23:55 / 04.01.2025