O‘zbekiston | 12:05 / 05.01.2025
7696
11 daqiqa o‘qiladi

“Korrupsiyasiz” Qirg‘iziston, energetik mustaqillik va bloklangan internet - MO hafta ichida

Yakuniga yetayotgan haftada Markaziy Osiyo prezidentlari xalqini bayram bilan tabrikladi. Tojikiston 2 yilda energetik mustaqillikka erishmoqchi, Qirg‘iziston esa 2 yilda korrupsiyadan butunlay qutilish niyatida. Turkmanistonda internetni bloklash yana avj olgan. Afg‘on ayollari esa endi derazadan ham qarolmaydi.

 MO prezidentlaridan yangi yil tabrigi

Markaziy Osiyoning 5 prezidenti o‘z xalqini yangi yil bilan tabrikladi. Deyarli barcha prezidentlar o‘z nutqida 2024 yilda qilgan  ishlariga to‘xtaldi. O‘zbekiston prezidenti dastavval rus, keyin o‘zbek tilida xalqni tabriklarkan, yil og‘ir kelgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston uchun barakali bo‘lganini gapirdi. Oktyabrda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi demokratik ruhda o‘tganini urg‘uladi. Yangi yilda biznesga keng imkoniyatlar yaratishga va’da berdi.

Qozog‘iston prezidenti o‘z yangi yil tabrigida davlatda 2024 yilda eng uzun ko‘prik qurilgani, fermerlar rekord darajada hosil yig‘ganiga to‘xtaldi.

To‘qayev shuningdek, Qozog‘istonda odamlarning o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 75 ga chiqqanini ma’lum qildi. Referendum bo‘ldi, davlatimiz kelajagi uchun muhim qarorni qabul qildik. AES qurishni fuqarolarimiz qo‘llab-quvvatladi. Mehnatkashlarning xizmatlarini e’tirof etib, yangi yilni mehnatkash kasblar yili deb e’lon qildik, dedi To‘qayev.

Rahmon o‘z murojaatida Tojikiston uchun avvalo MDH regioni prioritet ekani, lekin AQSh va G‘arb bilan hamkorlikka doim tayyor ekanini aytdi.

Turkmanistonda esa ham prezident, ham uning Xalq maslahatiga rais otasi xalqni yangi yil bilan tabrikladi. Gurbanguli Berdimuhammedov tabrigida gap faqat tinchlik osoyishtalik haqida boradi. U olti marta hurmatli prezidentimiz deya o‘z tabrik so‘zlarini yo‘llagan. Prezident Serdar Berdimuhammedov ham yil yutuqli bo‘lganini aytar ekan, turkman xalqi yaxshi yashashi uchun, ularning turmush tarzini yaxshilash uchun ishlashga va’da berdi.

Sadir Japarov esa qirg‘izistonliklarni bayram bilan tabriklarkan, Bishkek ko‘p vektorli tashqi siyosat tarafdori ekanini bildirdi. U chegara masalalariga alohida to‘xtalib, qirg‘iz-o‘zbek chegara mavzusi to‘liq hal bo‘lgani, qirg‘iz-tojik chegarasi bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganini aytdi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi boshlanishi mintaqa transport infratuzilmasini yaxshilashini qo‘shimcha qildi. Japarovning ma’lum qilishicha, Qirg‘iziston yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yili qariyb 10 foizga oshgan.

Afg‘on ayollariga yana bir taqiq

Afg‘onistonda ayollarga derazadan qarash ham taqiqlandi. Turar joy binolariga esa ayollar ko‘rinadigan tarzda derazalarni o‘rnatishga endi yo‘l qo‘yilmaydi. “Tolibon” harakati rahbari Haybatulloh Oxunzoda tegishli farmonni imzolagan. Farmon matnini Afg‘oniston hukumatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid e’lon qilgan. Unga ko‘ra, derazalarni qo‘shni xonadonning oshxonasiga yoki odatda ayollar o‘tiradigan boshqa joylarga qaratib qurish mumkin emas. Agar uy shunday loyihalashtirilgan va uning derazasidan ayolni ko‘rish imkoniyati bo‘lsa, bino egasi o‘z derazalari oldiga odam bo‘yi balandligidagi devor o‘rnatishi zarur.

Tegishli idoralar yangi qurilishlarni nazorat qilishlari kerak, toki qo‘shnilarning uylariga qarash imkoniyati yo‘qligi ta’minlansin. 

Dushanbe shahridagi eski liftlar olib tashlanadi

Dushanbe shahrida mustaqillik yillaridan avval qurilgan liftlar davlat hisobidan almashtiriladigan bo‘ldi. Ular bugun juda ta’mirtalab ahvolda. Prezidentning o‘g‘li Dushanbe meri Rustam Emomali bu xususida alohida topshiriq berdi. Sarf-xarajat uchun mablag‘ni Dushanbe budjetidan olishni buyurdi. Tojikistondagi mahalliy OAV yozishicha, poytaxt rivojiga bag‘ishlangan yig‘ilishda bu masala ko‘tarilgan.

Bundan tashqari, shahar meri yo‘llarni rekonstruksiya qilish va boshqatdan qurish, kanalizatsiyani yaxshilashni ham buyurgan. Elektr ta’minoti va zamonaviy inshootlarni qurish uchun grantlar ajratishda shahar aholisining o‘sishini ham hisobga olish kerakligi uqtirilgan. Albatta, barcha loyihalar ham davlat budjetidan qilinmaydi. Rustam Emomali xorijiy kapitalni ham jalb qilishni aytgan. Liftlar muammosiga kelsak, Dushanbedagi eski uylardagi liftlar sovet ittifoqi davridan beri ishlab kelmoqda. Ular yomon ahvolda, tez-tez buziladi ham. Aholining liftlarda qamalib qolishi tez-tez uchraydi. Amaliyotda ularni qutqarish uchun liftdagi qo‘ng‘iroq tugmalari umuman ishlamaydi. Favqulodda yordamni esa gapirmasa ham bo‘ladi. Sovet davrida liftlarda qo‘ng‘iroq tugmasi bosilgan javob beruvchi maxsus liftchilar jamoasi ishlagan. Hozir qo‘ng‘iroq tugmachalari bor, lekin uni eshituvchi odam, texnik xizmatchi yo‘q, deb yozadi mahalliy nashrlar.

Tojikiston energetik mustaqil bo‘lmoqchi

Tojikiston haqida yana bir muhim xabar: prezident 2027 yilga borib, davlat to‘la energetik mustaqil bo‘lishiga va’da berdi. Bu haqida u o‘zining parlamentga murojaatida aytib o‘tdi. Rahmonga ko‘ra, Rog‘un GESning qurilishi 50 foizdan ortiqqa bajarildi. 2 yilda inshoot qurilishiga 9 mlrd somoniy, ya’ni 825 million dollar sarflandi. Qurilishni tugallash uchun yana pul kerak. Hozirgacha 9 ta shartnoma tuzilgan, uchtasi yordam tariqasida beriladigan grantlar. Rog‘un GESning to‘liq qurib bitkazilishi ortidan 2027 yilga borib Tojikiston to‘la energetik mustaqil davlatga aylanadi, deydi prezident. Ehtimol bu oxirgi qishdir, kelgusi yili qishdan bu qiyinchiliklar kamayadi, deya qo‘shimcha qiladi Emomali Rahmon.

Tojik matbuotiga ko‘ra, bugungi kunga qadar Rog‘un GES qurilishini faqat davlat moliyalashtirgan. Bu yili yana 460 mln dollar ajratilishi kutilmoqda. O‘tgan yilning 9 oyida 395 million dollar davlat budjetidan berilgan. Mazkur inshoot qurilishiga hozirgacha jami 40 milliard somoniydan ortiq mablag‘ ajratilgan. Avvalroq, Emomali Rahmon GES 2025 yilda qurib bitkazilishini aytgandi. Loyihaning o‘zi esa 2035 yilda foydalanishga to‘liq holatda topshiriladi.

Xalqaro mutaxassislar tahliliga ko‘ra, Rog‘un GESallaqachon umumiy quvvatning taxminan 10-15 foizi miqdorida elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda.

Aslida 2008 yilda GES loyihasi tiklanganda umumiy qiymati 3 mlrd dollarga baholangan. Biroq 2024 yilga kelib GES qurilishi 6,4 mlrd dollarga baholandi.

Turkmanistonda internet yana bloklanmoqda

Turkmanistonda bir oydan beri yana internetni blokirovka qilish ishlari faollashgan. Bir nechta tarmoqlar va shuningdek, minglab IP-manzillar bloklab qo‘yilgan, ularga mamlakat hududidan kirish imkonsiz. Shu yilning yozigacha bloklangan internet manzillar soni maksimal darajada qolayotgandi. Buning bir qator sabablari bor, lekin asosiy tashabbuschilar xavfsizlik xizmati xodimlari va ularning kiberxavfsizlik departamenti vakillaridir. Chunki Turkmanistonda ular yopiq internet manzillari ortidan biznes ham qilishadi. O‘tgan yili yoz oyida qisman blokirovkalar yechilgandi, bu esa kiberxavfsizlik xodimlarining bozorini o‘ldirdi. Turkmennewsʼning yozishicha, aynan ular qayta blokirovka tashabbuschilaridir.

2024 yilning yoziga qadar Turkmanistonda jahon internetining 3/4 qismi – ya’ni qariyb 3 milliard IP-manzillar bloklangan edi. Rasmiy ravishda bu milliy xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar bilan izohlangan. Aslida, blokirovkaqiluvchilar begona emas, Kiberxavfsizlik departamenti xodimlari deyiladi. Ularning noqonuniy daromadlari uchun bu kerak. Ular abonentlar serverlarining IP-manzillarini qora ro‘yxatdan chiqarish evaziga pul olish bilan shug‘ullanadi, deb yozadi Turkmennews. Masalan, bitta serverning narxi oyiga ming dollardan boshlanishi aytilgan. Shu tariqa qo‘shni davlatda noqonuniy internet savdosi avj olgandi. 2024 yilning yoziga kelib, qator IP-manzillar blokdan chiqarildi. Sababi turli shov-shuvlar, blokirovka biznesi haqidagi gap-so‘zlar edi. Blokdan chiqarilgan internet manzillari voqeasi davlatda yaxshi qabul qilindi. Biroq dekabr oyidan e’tiboran ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va VPN xizmatlari yana bloklana boshlangan. Davlatga muxolif nashrlar buni yana kiberxavfsizlik xodimlaridan ko‘rishmoqda.

Qirg‘iziston Rossiyadan gaz importini oshirdi

Qirg‘iziston Rossiyadan gaz importini oshirdi. Bu haqida Bishkekdagi milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilgan. Xabarda keltirilishicha, Qirg‘iziston 2024 yilning yanvaridan oktyabrigacha Rossiya hamda O‘zbekistondan gaz sotib olgan. Shu gazning 97 foizi Rossiyadan olingan. O‘tgan yilning 10 oyida Qirg‘iziston  63,2 million dollarlik – 421,4 million kub metr rus gazini import qilgan. 2023 yilda esa bu ko‘rsatkich 307 million kub metr edi. O‘zbekiston esa Qirg‘izistonga 11 million 434,4 ming kub metr gaz sotgan.

Qirg‘iziston 2 yil ichida korrupsiyani yo‘qotmoqchi

Qirg‘iziston 2 yil ichida korrupsiyani butunlay yo‘q qilmoqchi. Bu haqida milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirda gapirayotib va’da bergan. Ma’lum bo‘lishicha, prezident korrupsiya jinoyati uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunni imzolagan va u 1 yanvardan kuchga kirdi.

Endi jarimadan qutulib bo‘lmaydi – mahkumlar haqiqiy jazoni o‘taydi. Bundan tashqari, korrupsionerlarga umrbod biror-bir davlatlavozimini egallash taqiqlanadi. Ularning davlat idoralarida ishlayotgan qarindoshlari ham ishdan bo‘shatiladi. “Barchani, ayniqsa, hukumat amaldorlarini keyinroq men bilmagandim demasliklari uchun ogohlantirmoqchiman. Biz korrupsiyaga qarshi kurashni boshlaganimizda, ko‘pchilik bizda yetarlicha kuch borligiga shubha qildi. Bir paytlar uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni boshlaganimizda ham istehzoga duch kelgandik. Ammo bugun mana, Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruhlar yo‘q. Korrupsiyani yengish qiyin, lekin biz uni butunlay yo‘q qilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz va bu yil bunga erishamiz”, — dedi milliy xavfsizlik rahbari.

Mavzuga oid