Jamiyat | 20:00 / 06.01.2025
2704
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda ona-bolani Haj ziyoratiga yuborish evaziga 10 ming dollar olgan shaxs ushlandi

Ushbu shaxs fuqarolarga turizm yo‘nalishida faoliyat yurituvchi MChJ orqali 2025 yilgi Haj mavsumida Saudiya Arabistoniga farz amallarini bajarishga yuborishni va’da qilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Huquq-tartibot idoralari tomonidan joylarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Haj va Umra ziyoratlari bilan bog‘liq qonunbuzilishlarga chek qo‘yildi.

Jumladan, Namangan shahrida yashovchi 59 yoshli O.S. mahalliy fuqaro hamda uning onasini turizm yo‘nalishida faoliyat yurituvchi MChJ orqali 2025 yilgi Haj mavsumida Saudiya Arabistoniga farz amallarini bajarish uchun yuborish evaziga 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Boshqa holatda esa Guliston shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi ta’sischisi G‘.A. tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, Sirdaryo tumanida yashovchi fuqaro va uning to‘rt nafar qarindoshini Umra ziyoratiga yuborish evaziga 6 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 400 dollar va 1,3 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Bunday noqonuniy holatlar Surxondaryo viloyatida ham qayd etilgan. Xususan, Sariosiyo tumanidagi sayyohlik firmasi ishchisi D.R. hech qanday vakolati bo‘lmasa-da, mahalliy fuqaroni Umra amallarini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 1100 AQSh dollari va 200 ming so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Denov shahridagi sayyohlik firmasi rahbari Sh.Q. 50 yoshli fuqaroni Umra safariga yuborishni va’da qilib, evaziga 1000 dollar va 1 million 280 ming so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan. Shuningdek, Denov tumanida yashovchi 35 yoshli X.N. o‘zganing ishonchiga kirib, unga o‘zi ishlayotgan sayyohlik yo‘nalishidagi MChJ orqali Umraga borish uchun imtiyozli yo‘llanmasi borligini aytib, uni Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborish evaziga 1200 AQSh dollari va 650 ming so‘m olgan vaqtida ushlangan

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq litsenziya olmasdan odamlarni Umraga yuborgan firmalarga chora ko‘rilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Xususan, bitta firma BHMning 200 baravari miqdorida jarimaga tortilgan. Yana ikkitasiga nisbatan to‘plangan materiallar tegishli chora ko‘rish yuzasidan huquq-tartibot organlariga yuborilgan.

Mavzuga oid