Jahon | 14:03
1510
4 daqiqa o‘qiladi

Kallas: Yevropa Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda AQSh o‘rnini egallashga tayyor

«Hozirda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Ramshtayn formati davom ettirilmasligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q», dedi Yevropa Ittifoqi bosh diplomati DW nashriga bergan izohida.

Foto: John Thys/AFP/Getty Images

Agar Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimini egallaganidan so‘ng Vashington faollikni kamaytirsa, Yevropa davlatlari Ukrainani Rossiya agressiyasidan himoya qilishda qo‘llab-quvvatlash borasida AQSh o‘rnini egallashga tayyor. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas 9 yanvar, payshanba kuni Germaniyaning Ramshtaynida bo‘lib o‘tgan Ukraina bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishi chog‘ida DW muxbirining savoliga javob berar ekan, aytib o‘tdi.

«Ramshtayn Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ajoyib format edi va Amerika bu formatning bir qismidir. Shuning uchun menimcha, hozir bizda bu format davom etmasligi haqida hech qanday dalil yo‘q, - dedi u ingliz tilida. - Agar u bo‘lmasa, keyinroq muhokama qilamiz. O‘ylaymanki, Yevropa davlatlari bu holatda faol o‘rinni egallashni istaydi va biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun bu formatni davom ettiramiz».

Bu borada u qanchalik optimistik ekani haqidagi keyingi savolga javoban Kallas shunday dedi: «Yevropa davlatlarida buni davom ettirish (Ukrainani Ramshtayn formatida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ish) uchun albatta iroda bor. Umid qilamanki, ular qanday yechim topishlarini ko‘ramiz».

Shu kuni jurnalistlar bilan suhbatda Kallas hozirgi bosqichda AQShning Ukrainani kelajakda qo‘llab-quvvatlashi haqida hech qanday taxmin bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. «Qo‘shma Shtatlar Yevropada muhim manfaatlariga ega», ammo «Rossiya dunyodagi eng qudratli kuchga aylanishi Qo‘shma Shtatlar manfaatlariga mos kelmaydi», deb tushuntirdi u. «Shunday ekan, yangi (AQSh) rahbariyati ish boshlaganida, ular to‘liq vaziyatni ko‘ra olishlariga ishonaman», — deya qo‘shimcha qildi Kallas.

Meloni: RF migratsiyadan YeIga putur yetkazish uchun foydalanishi mumkin

Rossiya nafaqat harbiy sohada, balki Moskva Yevropa hamjamiyatining birligini buzish uchun noqonuniy migratsiya va boshqa mexanizmlardan foydalanishi mumkinligi sababli ham YeI xavfsizligiga katta tahdid solmoqda. Bu haqda 22 dekabr kuni Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ma’lum qildi. Uning so‘zlaridan Reuters iqtibos keltirdi.

Finlandiya Shimoliy va O‘rta Yer dengizi mintaqalaridagi xavfsizlik va Janubiy Yevropadagi migratsiya masalalarini muhokama qilish uchun Italiya, Shvetsiya va Gretsiya rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallasni shimoliy Laplandiyada qabul qildi.

«Biz tahdid tasavvur qilganimizdan ancha kengroq ekanligini tushunishimiz kerak», dedi Meloni matbuot anjumanida.

Uning fikricha, Ukrainadagi urush tugaganidan keyin Rossiyadan YeI xavfsizligiga tahdid yo‘qolmaydi va Bryussel bunga tayyor bo‘lishi kerak.

«Gap demokratiyamiz, jamoatchilik fikriga ta’siri haqida ketyapti, bu Afrikada sodir bo‘layotgan narsalar, xomashyo, migratsiya vositalari bilan bog‘liq, biz xavfsizlik tushunchasi juda keng ekanligini tushunishimiz kerak», dedi Italiya vazirlar mahkamasi rahbari.

Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson, o‘z navbatida, noqonuniy migratsiya Yevropaning shimoli va janubi uchun umumiy muammo ekanini aniqlashtirdi.

Mavzuga oid