Jamiyat | 18:28 / 17.08.2016
56318
3 daqiqa o‘qiladi

Sabrdan saboq yoxud abituriyent test javobini yana qancha kutishi kerak?

Hayotda inson intiqib kutadigan lahzalar, muddatlar va yoki sanalar bo‘ladi. Chunki aynan mana shu vaqtlarda uning hayotida katta o‘zgarish bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqealar yashirinib yotadi. Xoh u yaxshilikka bo‘lsin, xoh yomonlikka odam bolasi baribir o‘sha muddatni kutib yashaydi. Ayniqsa, abituriyentlar...

Sarlavhadan va maqolamizning kirish qismidan gap mavzusi aynan nima haqida ketishi kundek ravshanlashdi. Oldi-qochdi, aylantirma gaplarga izoh yo‘q. Faqat ayni damda uchrayotgan manzaralarga biroz nazar solishga izn bergaysiz.

Ma'lumki, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan abiturentlar 1 avgust kuni an'anaviy tarzda davlat imtihonlaridan o‘tishadi. So‘ngra “ommaviy gap”ni eshitishadi – “Javoblar 10 kundan keyin e'lon qilinadi”. Lekin har yili mana shu “10 kun” noma'lum muddatlarga cho‘ziladi.

Natijada:

1. Chekka viloyatdan javobni eshitish uchun poytaxtga kelganlarning “tarvuzi qo‘ltig‘idan tushadi”. Shu kundan e'tiboran “rasxod”lar boshlanadi.
2. SMS-xabarnoma deysizmi? Oliy o‘quv yurti binosi oldida chiqarib qo‘yilgan ro‘yxatda o‘z DTM raqamini qayta-qayta tekshiradigan abituriyentning zamonaviy bunday usullardan foydalanishi dargumon. (Shaxsan o‘zim javobi SMS orqali kelgan qarindosh abituriyentlarning o‘qishga kirgan-kirmaganini aynan mana shunday e'lonlardan tekshirganman).
3. Eng asosiyi, nega javoblar e'lon qilinishi bunchalik taroziga solinadi, degan savol ochiq qoladi.

Bunda nima sir yotadi, bu inson aqli anglay olmaydigan holatmi yoki biz bilmagan boshqa gaplar bormi?

Mustaqilligimizning 25 yillik bayrami oldidan diydiyo qilishni istamagan edim, bo‘lmadi. Baraka topkur, amaldor, iltimos, yodingizdan chiqarmang, O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning barchasi INSON manfaati uchun. Inson shaxsiyati barcha narsadan ustun!

Abituriyentlarga esa bobolarim o‘gitidan bir chimdim eslatma qilmoqchiman: “Sabrning tagi sariq oltin”.

Sarvar Anvar o‘g‘li

Mavzuga oid