O‘zbekiston | 10:42 / 29.08.2016
27717
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi yangi halqa yo‘li harakatlanish uchun ochildi

Foto: UZ24

Toshkentda may oyida qurilishi boshlangan uchinchi transport halqasi harakatlanish uchun ochildi.

Yangi yo‘l Nurafshon ko‘chasining «Tinchlik» metro bekatidan Oqtepa maydoni va Muqimiy ko‘chasi orqali Nukus ko‘chasiga bog‘lanadi. U Qodiriy va Rashidov shoh ko‘chalarini ham o‘z ichiga olib, jami uzunligi 22 km masofani tashkil etdi.

Shuningdek, Oqtepa maydonidagi yangi transport bog‘lamasi qurilishi  nihoyasiga yetgan. U Muqimiy ko‘chasini Nurafshon ko‘chasining «Tinchlik» metro bekatiga qadar boradigan yangi 4 kilometrlik qismi bilan bog‘laydi.

Kichik halqa yo‘li ochilishi evaziga boshqa trassalarda harakatlanish yengillashib, Chilonzor markazidan Eski shaharga va ortga tezroq yetib borishga imkon tug‘diradi. U poytaxtning sakkiz tumanini o‘zaro bog‘laydi.

Uchinchi halqa yo‘lining bir qismi sifatida Yakkasaroy tumanida Muqimiy va Shota Rustaveli ko‘chalari chorrahasida o‘zgacha ko‘rinishdagi yo‘l o‘tkazgich qurildi.

To‘rt qatorli yoysimon ko‘rinishdagi yo‘l o‘tkazgich «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ko‘prik quruvchilari tomonidan bunyod etilmoqda. U Nukus ko‘chasining sobiq «Toshtekstilmash» zavodiga borib taqaluvchi 900 metrlik berk ko‘chasi bilan birlashadi.

Mazkur chorrahada qurilish ishlari boshlanishidan avval harakat jadalligi soatiga 11,5 ming mashinani tashkil etgan. Vaholanki, ko‘cha imkoniyati soatiga 6000 mashina o‘tkazishga mo‘ljallangan edi.

Mavzuga oid