Sport | 14:45 / 04.09.2016
8264
2 daqiqa o‘qiladi

Serena Uilyams "Katta dubulg‘a" turnirlaridagi g‘alabalar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi

Dunyoning birinchi raqamli raketkasi, amerikalik tennischi Serena Uilyams AQSh Ochiq chempionatining uchinchi davrasida dunyoning 47-raketkasi shvetsiyalik Yoanna Larssonni 2 set davom etgan bahsda 6:2 va 6:1 hisoblarida yengdi.  Ushbu muvaffaqiyat Uilyams uchun “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi turnirlardagi 307-g‘alaba bo‘ldi va bu turnir rekordi hisoblanadi.

Ikkinchi davrada Vanya Kingni 6:3, 6:3 hisobida mag‘lub etgan tennischi boshqa bir amerikalik Martina Navratilovaning rekordini takrorlagandi.

Shuningdek, agar Serena AQSh Ochiq chempionatida yarim finalga qadar yetib borsa, reytingda uzluksiz peshqadamlik bo‘yicha ham rekord sohibasiga aylanadi. Hozircha bu rekord 182 haftalik peshqadamlik bilan germaniyalik Shteffi Grafga tegishli. 

Uilyamsning turnirdagi keyingi raqibi qozog‘istonlik Yaroslava Shvedova bo‘ladi, u xitoylik Chjan Shuayni 6:2, 7:5 hisoblarida yengdi.

34 yoshli Uilms — US Open turnirida 6 marta chempion bo‘lgan (1999, 2002, 2008, 2012, 2013, 2014). U «Katta dubulg‘a» doirasidagi yakkalik bahslarida jami 22 marta chempion bo‘lgan.

Joriy yilgi AQSh Ochiq chempionatining mukofot jamg‘armasi 46,3 million dollar va bu tennis turnirlari tarixidagi eng yuqori natija. US Open 29 avgust kuni Nyu-Yorkda ochildi va 11 sentabrgacha davom etadi.

Mavzuga oid