Jamiyat | 16:26 / 13.09.2016
9994
2 daqiqa o‘qiladi

Jyeremi Klarkson o‘z uyini portlatib yubordi

Top Gear teleshousining sobiq boshlovchisi Jyeremi Klarkson o‘zining Oksfordshir grafligi yonidagi eski uyini portlatib yubordi. Bu haqida The Telegraph ma'lum qildi. Britaniyalik teleboshlovchi besh yotoqxonali avvalgi binoning o‘rniga 1130 kvadrat metrli yangi inshoot qurishni rejalashtirmoqda. 

Klarkson bu uyni 2012 yilda 4,2 million funt sterlingga xarid qilgan. Joriy yilning iyulida u binoning buzilishiga ruxsat oldi, biroq qo‘shnilardan birining so‘zlariga ko‘ra, Klarkson buldozerlarni chaqirish o‘rniga portlatuvchi ishlarni amalga oshiruvchi firmaga murojaat qilgan. Qo‘shnilar uyning buzilishi haqida oz vaqt qolganda xabar topishdi va uyning portlashini "Klarksonning xulq-atvoriga" yo‘yishdi. 

Loyihaga ko‘ra, teleboshlovchining yangi uyida kinoteatr, issiqxona, o‘yinxona, 5 avtomobilga mo‘ljallangan garaj, kvadrosikllar uchun maxsus joy, otxona, shuningdek 6 yotoqxona va 5 vannaxona bo‘ladi.

Klarkson o‘tgan yilning martida prodyuserlardan biri bilan ziddiyatga borgani uchun Top Gear ko‘rsatuvidan chetlatilgan. Nizodan so‘ng VVS kompaniyasi jurnalist bilan shartnomani uzaytirishdan bosh tortgan. Uning hamkasblari - Richard Hammond va Jyeyms Mey ko‘rsatuvdagi faoliyatlarini davom ettirishga qaror qilishgan. 

To‘rt oy o‘tgach, Klarkson, Hammond va Mey yangi avtomobil shousini tashkillashtirish haqida e'lon qilishdi. Rejaga ko‘ra, yangi shou Amazon Prime internet-servisida namoyish etiladi. Ko‘rsatuvning The Grand Tour nomini olgan ilk epizodi shu kuzda efirga uzatiladi. 

Mavzuga oid