Fan-texnika | 19:45 / 21.09.2016
8012
2 daqiqa o‘qiladi

Bentley eng tezkor dizelli yo‘ltanlamasini taqdim etdi

Bentley kompaniyasi Bentayga modelining dizelli namunasini namoyish qildi. Britaniyaliklarning ta'kidlaricha, yangi model shunday dvigatelga ega eng tezkor yo‘ltanlamasga aylangan. 

Dizelli Bentley Bentayga 4 litrli, uch karra kuchaytiriluvchi V8 motoriga ega. Bu kuch agregati ilk bor «kuchaytirilgan» Audi SQ7 yo‘ltanlamasiga joylangan edi.

Kompaniyada qayd etishlaricha, dvigatel odatdagi Bentayga mashinasiga o‘rnatiluvchi  608 ot kuchiga ega W12 benzinli motoridan atigi 3 kg og‘irroq bo‘lgan.

Dizelli dvigatel ikkita turbina va quyi aylanish diapazonida kuchsizlikning o‘rnini to‘ldirishi kerak bo‘lgan elektrli kuchaytirgichga ega. 

Kompressor 7 kVt/soatlik, 48 voltlik tizimdan quvvatlanuvchi elektr motor bilan ishga tushiriladi. 

Audi SQ7 kabi uning motori ham daqiqasiga 900marta aylanganida 435 ot kuchiga ega bo‘ladi. 

Yangi Bentayga ilk «yuzlik»ka 4,8 soniyada chiqa oladi. Bu Audi SQ7 ko‘rsatkichidan 0,1 soniyaga tezroqdir. Uning eng yuqori tezligi soatiga 270 kmni tashkil etadi. Audi SQ7 modeliga soatiga 250 kmdan so‘ng, tezlik cheklovchi o‘rnatilgan. Taqqoslash uchun, benzinli Bentley Bentayga joyidan 100 km tezlikka chiqqunicha 4,1 soniyani sarflaydi. Uning yuqori tezligi soatiga 301 kmga teng. 

Dizelli Bentley Bentayga Yevropada 2017 yil yanvarda sotila boshlanadi. Keyinroq, Avstraliya, Yangi Zelandiya, JAR va Rossiya bozorlarida paydo bo‘ladi.


 

Mavzuga oid