Jahon | 14:31 / 01.10.2016
10483
5 daqiqa o‘qiladi

60 yoshni qarshilagan Buyuk Britaniya bosh vazirining siyosiy qarashlari va orzulari

2016 yilning 13 iyulida Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimiga Tereza Mey tayinlandi. U so‘nggi 26 yil ichida mamlakat hukumati tepasiga kelgan birinchi ayolga aylandi. 

2016 yilning 1 oktabrida Tereza Mey 60 yoshga to‘ldi. Britaniya yangi bosh vazirining tavallud ayyomi  munosabati bilan u haqidagi qiziqarli ma'lumotlarni e'tiboringizga havola qilamiz. 

Tereza Meyning bolaligi, o‘quvchilik va talabalik yillari Oksfordshir grafligida o‘tgan. Uning otasi Uitli qishlog‘ida cherkov rohibi bo‘lib ishlagan. Tereza graflikning davlat va xususiy maktablarida ta'lim olgan. 1977 yilda u Oksford universitetini tugallagan. 

Mey siyosiy kareraning barcha pog‘onalarini bosib o‘tgan. U ta'lim, transport, atrof-muhit, oila, madaniyat, mehnat va nafaqa ishlari vaziri, shuningdek Konservativ partiya raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan. 

"Men insonlar hayotiga real o‘zgarishlar kiritish va muhokamalarda ishtirok etish uchun siyosat bilan shug‘ullanishga qaror qildim. Ayol kishi ekanligim menga hech qachon to‘sqinlik qilmagan", - deydi Mey.  

2010 yilda sobiq bosh vazir Devid Kemeron hukumat tepasiga kelganidan so‘ng Tereza Mey Birlashgan Qirollikning IIV rahbari lavozimini egallagan va bir vaqtning o‘zida, ya'ni 2010-2012 yillarda xotin-qizlar va teng huquqlilik masalalari bo‘yicha vazirlik boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan. 

"Men an'anaga ko‘ra, erkaklar ustunlik qiladigan ikki sohada ishlaganman - avval bank sohasida, keyin esa siyosatda. Ikkalasida ham ayol kishi ekanligim menga to‘sqinlik qilmagan", - deya ta'kidlaydi Tereza Mey. 

Tereza Meyga qadar hukumatni boshqarganlar orasida faqatgina bir ayol kishi bo‘lgan, u ham bo‘lsa "temir xonim" nomini olgan Margaret Tetcher (1925-2013). U vazirlar mahkamasini 1979 yildan to 1990 yilgacha boshqargan. Meyni doimo Tetcherga qiyoslashadi, uning o‘zi esa bunday fikrdan yiroq. U "temir xonim"ga yuksak hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, biroq siyosatda unga namuna bo‘ladigan insonning yo‘qligini ta'kidlaydi, u o‘z yo‘lidan borishni ma'qul ko‘radi. 

Tereza Mey siyosat olamida 30 yildan ortiq faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, uning Dauning-stritdagi bosh vazir qarorgohiga kelishi hech kimning xayoliga ham kelmagandi. Mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishiga doir referendum hammasini o‘zgartirib yubordi, zero uning natijalariga ko‘ra, Devid Kemeron hukumat rahbari lavozimini tark etdi. 

2016 yilning 3 iyulida Konservativ partiya rahbari Tereza Mey rasman Buyuk Britaniyaning bosh vaziri etib tayinlandi. U Bukingem  saroyidagi Yelizaveta II audentsiyasidan keyin bu lavozimni egalladi. 

Meyning bosh vazir lavozimidagi debyuti, ekspertlarning fikricha, uning Tetcher kabi o‘z mamlakatini yangilanayotgan xalqaro munosabatlar tizimida qudratli kuch sifatida namoyon qilishga qaratilgan. Britaniya parlamentidagi ilk chiqishida u Birlashgan Qirollikning yadroviy salohiyatini modernizatsiyalashtirishga chaqirdi. Ba'zi deputatlarning e'tirozlariga javoban Mey ularni "mamlakat dushmanlarini (Rossiya va Shimoliy Koreya) himoya qilish"da aybladi. Bundan tashqari, u yadroviy zarba berish haqida buyruq ham berishi mumkinligini ma'lum qildi. 

Tereza Mey oilali. Hukumat rahbarining turmush o‘rtog‘i Filip Mey - bank xodimi, Capital International moliyaviy kompaniyasining mijozlar bilan ishlash bo‘limi menejyeri. U ham rafiqasi kabi Oksfordni tamomlagan. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Tereza Breyziyer va Filip Mey ilk marotaba raqs kechasida tanishishgan, ularni Pokistonning bo‘lg‘usi bosh vaziri Benazir Bxutto tanishtirgan (ular bir kollejda tahsil olishgan). Mey juftligining farzandi yo‘q, 2012 yilda The Daily Telegraph gazetasiga bergan intervyusida Tereza bu borada afsusda ekanligini bildirgan.  

"To‘liq baxt haqidagi tasavvuringiz qanday?", degan savolga u "Turmush o‘rtog‘im bilan Shveytsariya Alplarida sayr qilish", deya javob bergan. 

Mavzuga oid