Jahon | 10:26 / 03.10.2016
8559
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya prezidenti qochqinlarni kimsasiz orolga olib borib tashlashni taklif qildi

Chexiya prezidenti Milosh Zeman ma'lum qildiki, osiyolik va afrikaliklarning Yevropaga migratsiyasiga mahalliy madaniyat bilan uyg‘unlik yo‘qligi uchun yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. The Financial Times nashri xabariga ko‘ra, ushbu siyosatchi qochqinlarni Gretsiyaning kimsasiz orollariga yoki Shimoliy Afrika hududidagi orollardan biriga jo‘natishni taklif etgan. U bu haqda Gretsiyaning Rodos orolida o‘tkazilgan "Tsivilizatsiyalar dialogi" nomi ostidagi forumda aytib o‘tgan.

Zeman shuningdek, qochqinlar uchun joy topib berishi evaziga Gretsiyaning tashqi qarzlarining bir qismidan kechishga chaqirgan.

"Men iqtisodiy muhojirlarning barchasi deport qilinishi tarafdoriman. Men Suriya, Iroq va boshqa mamlakatlardagi urush dahshatlarini tan olaman. Lekin gap iqtisodiy muhojirlar haqida ketmoqda", degan prezident.

Zeman Rossiya, Ukraina yoki Belarusdan muhojirlar kelishiga qarshilik qilmasligini qo‘shimcha qilib o‘tgan.

"Men musulmonlarning migratsiyasiga qarshiman, ular bilan madaniyatlarimiz turfa", degan u.

U bu toifa muhojirlarni qabul qilish Yevropani o‘tgan asrning 30-yillariga (natsizm) qaytarishi mumkinligidan xavotirini bildirgan.

Bundan oldinroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi migratsion kvotalari bo‘yicha o‘tayotgan referendumda ovoz berganidan so‘ng plebissit yakunlariga ko‘ra muhojirlarni qabul qilish tarafdorlari g‘alaba qozonsa, iste'foga chiqishini ma'lum qilgani haqida xabar berilgandi. 

U shuningdek, Liviya qirg‘oqlarida muhojirlar uchun ulkan shahar bino etishni taklif qilgan.

Mavzuga oid