Sport | 18:50 / 04.10.2016
17342
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – Eron uchrashuvi oldidan muxlislar nima deydi?

6 oktabr kuni Samvel Babayan shogirdlari fors to‘sig‘idan o‘tish uchun maydonga tushadi. Ayni paytda termamiz guruhda yuz foizli natija bilan birinchi o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, Eronning saralangan jamoasi shundoqqina ortimizdan joy olgan.

Termaning yettita o‘yindan beri yutqazmayotgani murabbiyga - “Omadli Babayan” nomini berib bo‘lgani sabab, barcha ishqibozlar bu safar ham g‘alabali seriyaning davomini kutishmoqda.

E'tiboringizga, yurtimizning turli viloyatlarida yashovchi futbol muxlislarining o‘yin oldi fikrlarini havola etamiz.

 

Abdulhamid Xudoyshukurov. Surxondaryo, Denov

Mana biz intizorlik bilan kutayotgan daqiqalar yaqinlashmoqda. Ishqibozlarda o‘yin oldi taxminlari turlicha. Umuman, terma jamoamizning oxirgi o‘yinlariga qarab shuni ayta olamanki, uchrashuvda 1:0 hisobida g‘alaba qozonamiz. Voqealar rivoji shunga qarab ketmoqda.

Bizdagi muammo - yetakchimiz Odil Ahmedovning yo‘qligi. Uning o‘rnini boshqa biror bir o‘yinchi bilan alishtirish qiyin bo‘lsa-da, jamoaviy taktika orqali mavjud vaziyatni ijobiy hal qilsa bo‘ladi. Babayan raqib jamoa o‘yin suratini keskin tushirish va raqib jarima maydoni oldidagi jarima zarbalariga katta umid bog‘lashi aniq.

Bu o‘yinda Sardor va Geynrixga juda katta mas'uliyat yuklanadi. O‘yinda kichik hisob qayd etilsa kerak. G‘alabadan umidimiz katta. Biz uchun hisob qiziq emas, muhimi g‘alaba qozonsak bo‘lgani.

 

Ergash Samig‘jonov. Toshkent

Mana endi Samvel Babayan hakikiy sinovdan o‘tadi, deb o‘ylayman. Eron terma jamoasi Osiyodagi eng kuchli termalar safiga kirishi hech kimga sir emas. O‘yin biz uchun juda og‘ir kechadi, chunki bosim kuchli, javobgarlik hissi katta. Eronning hujum chizig‘i kuchli legionerlardan iborat. Ularni raqib maydonida durang ham kanoatlantiradi, shuning uchun ular bizdan ko‘ra o‘zlarini erkinrok his kilishsa kerak. Ammo o‘tgan saralashda ularni o‘z maydonida yengganimiz ham e'tiborli fakt. Biroq, bizning tarkibimiz o‘sha paytda kuchli edi. Hozir esa termamizning hakikiy kuchini aniklash juda og‘ir, chunki avvalgi bahslardagi raqiblarimiz  u darajada jiddiy emas edi. Babayanga omad sakkizinchi bor ham kulib boqarmikan? Menimcha, o‘yin durang bilan tugasa kerak – 1:1.

 

Alisher Norboboyev, Termiz

Eron futboli saviyasi haqida faqat ijobiy fikrlar bildirish bilan birgalikda, aynan mana shu jamoa bizni o‘tgan mundial saralashida “maydon orti o‘yinlari” bilan yo‘llanmadan mosuvo qilganini ham eslamay ilojimiz yo‘q. Men o‘z termamizdan faqat g‘alaba kutyapman. Ayni paytdagi jamoamiz Keyrush shogirdlaridan 3 ochko olishga qodirligi aniq.

 

Bobur Ikromov. Andijon

Futbolchilarimiz Suriya bilan o‘yinga qaraganda Qatar bilan mazmunliroq futbol namoyish qilishdi. Ayni paytda terma jamoamiz yaxshi o‘ynay olmayotgandur, lekin natija bor. Jahon chempionatidek nufuzli musobaqalarining saralash o‘yinlarida natija birinchi o‘ringa qo‘yiladi.

O‘z uyimizda o‘tadigan ikki uchrashuvda nihoyatda extiyotkorlik bilan to‘p surish kerak, zero Eron sariq qit'ada o‘z o‘rniga ega bo‘lgan termalardan biri. Forslar vaziyatni to‘g‘ri tushunib turishibdi, mag‘lubiyatga uchrasa, asosiy raqiblaridan 5 ochko ortda qolib ketishadi. Ushbu o‘yinga Karlos Keyrush hujumkor taktika qo‘llaydi. Umid qilamizki, Samvel Babayan raqib jamoa murabbiyi rejalariga munosib taktika bilan javob beradi.

 

Bahromjon Isaqov, Farg‘ona

O‘yinni prinsipialligi o‘z yuliga, bunga ahamiyat qaratmaslik lozim. Zero, o‘rtaga muhim 3 ochko tikilgan. Asosiysi shu. Agar Eron yutsa, keyin vaziyatni o‘nglash qiyin masalaga aylanishi mumkin. Raqib tarkibidagi Sardor Azmundan cho‘chimaslik va o‘zimizning Sardorga ham ishonib kolmaslik kerak.

Bu bahs ko‘p savollarga javob beradi. Albatta, O‘zbekiston termasiga omad yor bo‘lsin!

Elmurod Ermatov tayyorladi.

Mavzuga oid