Jamiyat | 13:07 / 18.10.2016
15283
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar qanday qilib miya qarishining oldini olish mumkinligini aniqlashdi

Foto: Globallookpress.com

Kvinslend universiteti mutaxassislari (QBI) yangi ultratovush bilan davolash usulini sinovdan o‘tkazishdi. Ular sichqonlar miyasidagi qarish jarayonini sekinlashtirishning uddasidan chiqishdi. Mazkur tajribaga bag‘ishlangan maqola QBI saytida chop etildi. 

Tadqiqot davomida olimlar 6 hafta mobaynida muntazam ravishda sichqonlarga ultratovush bilan ta'sir ko‘rsatish muolajalarini amalga oshirishdi. Shundan keyin ular davolash natijalarini o‘rganib chiqishdi. Qarish jarayoni miyaning hissiyotlar shakllanishi va xotirani boshqarish uchun mas'ul bo‘lgan qismi - gippokamp hujayralari tuzilishini o‘zgartiradi. 

Ma'lum bo‘lishicha, ultratovush sichqonlar miyasining qarish jarayonini sekinlashtirgan. Gippokamp tuzilishi hatto davolashdan 3 oy o‘tib ham o‘zgarishsiz qolgan. Tadqiqot muallifi Robert Xetch muolajalarning organizmga hech qanday ziyon yetkazmaganini ta'kidladi. 

Tajriba sichqonlarda o‘tkazildi, shu bois ultratovushning inson miyasiga ta'siri ham xuddi shunday bo‘lishiga kafolat yo‘q. Endilikda olimlar muolaja ta'sirini "keksa" jonivorlarda sinab ko‘rishmoqchi, ehtimol, shundan keyingina yangi texnologiya ta'siri insonlarda sinab ko‘rilar. 
 

Mavzuga oid