Islandiya qaroqchilar partiyasi Snoudenga fuqarolik va boshpana bermoqchi
Islandiyaning qaroqchilar partiyasi mamlakat parlamentida (alting) g‘olib bo‘ladigan bo‘lsa, AQSh milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Edvard Snoudenga Islandiya fuqaroligini beradi. Bu haqda partiya vakili Sunna Ayvarsdottir ma'lum qilgan.
"Biz oldin ham aytganimizdek, agar Snouden bu yerga kelishni istasa, biz barcha imkoniyatlarni taqdim etamiz. Unga boshpana beramiz", — degan Ayvarsdottir.
Snouden 2013 yilning iyun oyida Washington Post va Guardian gazetalariga AQSh va Buyuk Britaniya maxsus xizmatlarining internet kuzatuv dasturiga oid materiallarni taqdim etgan edi.
29 oktabr kuni Islandiya parlamentiga saylovlar bo‘lib o‘tadi. OAV bergan ma'lumotlarga ko‘ra, qaroqchilar partiyasi ayni paytda saylovchilarning 20,4 foiz ovozini olib, ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Bu partiyadan oldinda 25,2 foizlik natija bilan Islandiya mustaqil partiyasi bormoqda.