Jahon | 08:22 / 28.10.2016
6433
3 daqiqa o‘qiladi

Politico: Tramp muhojirlardan qo‘rqqan saylovchilardan foydalanmoqda

Foto: nbcnews.com

AQSh prezidentligi uchun Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp Amerika noqonuniy muhojirlarga qarshi kurashish lozimligini uqdirmoqda. Ammo, milliarderning hozirgi darajasiga «Amerika orzusi» tufayli yetishganini anglamayotgan ko‘rinadi, deb yozmoqda Politico nashri.

O‘z nomzodini prezidentlikka ilgari surishni boshlaganidan beri Amerika orzusini amalga oshirish imkoniyati puchga chiqqanini ta'kidlab keladi. Bunga, uning fikricha, muhojirlar va xorijiy ishchilar aybdor. 

Shu sabab, milliarder bu orzuni «avvalgidan ham ko‘proq va yaxshiroq» qaytara olishini ta'kidlaydi. Buning uchun u amerikalik ishchilarni global raqobatdan himoya qilishni taklif qilmoqda. Tramp, Meksika bilan janubiy chegaralar uzra baland devorlar qurishini va noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan quvib chiqarishini aytmoqda. 

Biroq, tanganing orqa tomoni ham bor, deb yozadi nashr. Xo‘sh, Tramp muhojirlik siyosatini qat'iylashtirish g‘oyasida haqmi? Politico gazetasi bu savolga milliarderning buvasi, nemis farzandi va tadbirkor bo‘lgan hamda xorijiy ishchilarni yollagan Fridrix Tramp tarixidan javob izlash lozimligini uqdiradi. 

U 1869 yilda Germaniyaning Reyn viloyatidagi vino ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Kalshtadt tumanida dunyoga kelgan. 1885 yilda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgach, kemaga o‘tirib, keng imkoniyatlar mamlakati — Amerikaga yo‘l olgan. U vaqtlarda Amerika chegaralari ochiq edi. Fridrixning cheklangan ta'limi va iqtidori mamlakatga kirib kelishiga to‘sqinlik qilmagan. Bir kun kelib, Nyu Yorkdagi oddiy sartarosh Fridrix yirik sarmoyadorga aylandi. 

1918 yilda ispan grippidan vafot qilgach, uning barcha boyligi o‘g‘li va nevarasiga qoldi. Bugungi kunga kelib, Tramplar imperiyasi juda kengayib ketgan. Gazetaning yozishicha, ularning oilasi tarixi «Amerika orzusi»ning hayotdagi namunasidir. 

Albatta, Tramp ilgari surgan taklif haqiqatdan ham dolzarb masaladir. Chunki, globalizatsiya amerikalik ishchilarga ta'sir ko‘rsatmoqda, shu bilan ularning ishga joylashish imkoniyati kamaymoqda. 

Tramp esa, hayotga tatbiq etish mumkin bo‘lgan choralarni taklif qilish o‘rniga, deb yozadi nashr, saylovchilarning tashvishidan foydalanishga qaror qilgan ko‘rinadi. 

 

Mavzuga oid