Jahon | 19:05 / 01.11.2016
9225
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Klinton prezidentlik saylovidagi g‘alabasi uchun mushakbozlikka buyurtma bergan

Foto: © AP

AQSh prezidentligi uchun Demokratik partiya nomzodi Hillari Klinton tantana mushakbozligini buyurtma qilishga ulgurgan. U Nyu-York shahrida kelasi hafta seshanba kuni, 8 noyabrda bo‘lib o‘tadigan saylov natijalari e'lon qilingach, berilishi mumkin, deb yozmoqda The New York Post nashri.

Nashrning shahar o‘t o‘chirish departamentidagi manbalariga ko‘ra, mushakbozlik Hudson daryosi sohillarida amalga oshiriladi. Bu tantana mahalliy vaqt bilan 21:30da boshlanishi ehtimol.  

Shu narsa oydinki, mushakbozlikka 28 oktabrdan avval buyurtma berilgan. Chunki, juma kuni FQB Klinton elektron maktublariga oid yangi surishtiruv ishlarini boshlashga ko‘rsatma bergan edi. Bu esa, sobiq davlat kotibining saylovoldi kampaniyasiga sezilarli salbiy ta'sir ko‘rsatdi. 

Nashrning yozishicha, Nyu York o‘t o‘chiruvchilari va huquq idoralari Klintonning o‘ziga bu qadar ishonishidan hayron qolishgan. 

O‘t o‘chirish departamenti xodimlaridan biri, 2000 yildagi saylovlarni yodga olib, ovozlarni qayta sanashga to‘g‘ri kelib qolsa, Kliton xonim, mushaklarni muzlatib qo‘yarmidi?, degan savol bilan ham murojaat qilgan. 

Boshqa biri esa, Klinton mag‘lubiyatga uchragudek bo‘lsa, mushaklarni yarim narxiga raqibi Donald Trampga pullashi mumkinligini aytgan. Axir uning ham bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan, deb ta'kidlagan manba. 

Iste'fodagi o‘t o‘chiruvchilardan biri, departamentning yosh xodimlari pirotexnika tomoshasining xavfsizligini ta'minlash vazifasi ularga yuklatilganidan norozi ekanligini ta'kidlagan. 


 

Mavzuga oid