Sport | 22:49 / 07.11.2016
11761
4 daqiqa o‘qiladi

Afsonaviy Menni Pakyaoning eng yaxshi besh jangi

Foto: Isaac Brekken / AP Photo

6 noyabr kuni Las-Vegasda filippinlik 37 yashar bokschi Menni Pakyao amerikalik bokschi Jyessi Vargas ustidan g‘alaba qozondi va Jahon boks tashkiloti(WBO) versiyasi bo‘yicha o‘rta vazn toifasida jahon chempioni bo‘ldi. Bugun sizga ana shu charm qo‘lqop ustasining eng zo‘r beshta jangi haqida hikoya qilamiz.

2003 yilning 11 noyabri. Menni Pakyao — Marko Antonio Barrera

Pakyao — sakkiz vazn toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan birinchi va hozircha yagona bokschi edi. Yengil vazn toifasidan boshladi (50,84 kilogrammgacha) va birinchi o‘rta vazn toifasiga muvaffaqiyat bilan ko‘tarildi (69,91 kilogramm). U kelib chiqishiga qaramasdan, o‘ta dindor. Shu bois matbuot anjumanlarida faqat Xudo haqida gapiradi, har jangidan so‘ng unga shukrona keltiradi.

2003 yilda AQShda o‘tkazilgan uchrashuvda 26 yashar filippinlik ancha tajribaga ega meksikalik bokschi Marko Antonio Barreraga qarshi ringga ko‘tarildi. U jang davomida raqibini o‘zining zarbalari bilan “siyladi”. 11-raundag kelib Barreraning murabbiyi shogirdining jang o‘tkaza olmasligini tushundi va uchrashuvni to‘xtatdi. Bu Pakyaoning birinchi eng muhim g‘alabasi edi.

2004 yilning 8 mayi. Menni Pakyao — Xuan Manuel Markes

Pakyao birinchi raundning o‘zidayoq raqibini yerga qulatishga muvaffaq bo‘ldi, ammo har safar u oyoqqa turaverdi. Bu haqiqiy jang bo‘lgan edi — u 12 raund davom etdi va oxir-oqibat hakamlarning qarori bilan durang natija qayd etildi. Filippinlik va meksikalik shundan so‘ng uch marta uchrashdi — Pakyao ikki marta g‘alaba qozondi, bir safar Markes nokaut bilan g‘alaba qozondi.

2008 yilning 6 dekabri. Menni Pakyao — Oskar De La Xoyya

1992 yilda Barselonada o‘tgan Olimpiada chempioni Oskar De La Xoyya filippinlik bokschining shu paytga qadar bo‘lgan raqiblari orasida eng mashhuri edi. De La Xoyya undan bo‘yi uzun, bundan tashqari, qo‘llari ham uzun edi. U uchrashuvda yaqqol favorit hisoblanardi. Ammo amerikalik filippinlikning zarbalariga javob qaytara olmadi: uzun qo‘llariga qaramay, unga ancha qiyin bo‘ldi.

To‘qqizinchi raunddan so‘ng, amerikaliklar burchagi jangni to‘xtatdi va Pakyao Olimpiada chempioni ustidan g‘alaba qozondi. Darvoqe De La Xoyya shundan so‘ng ringa qaytmadi, bu uchrashuv uning uchun eng so‘ngisi bo‘ldi.

2009 yilning 2 mayi. Menni Pakyao — Rikki Xatton

Kurash o‘ziga xos maqomga ega edi. Rossiyalik bokschini mag‘lubiyatga uchratgan britaniyalik Rikki Xatton Xalqaro boks tashkiloti (IBO)ning kamarini ikkinchi bor himoya qilayotgan edi. Tomoshabinlar kutgan jang uzoq cho‘zilmadi — Xatton birinchi raundning o‘zida ikki marta chuqur nokdaunga uchradi. Hammasi Pakyaoning chapdan bergan zarbasi va Xattonning nokauti bilan yakunlandi.

2009 yilning 14 noyabri. Menni Pakyao — Migel Kotto

Xatton ustidan oson qozonilgan g‘alabadan so‘ng oradan yarim yil o‘tib, filippinlik Migel Kotto bilan uchrashdi.  Migel puertorikalik birinchi darajali nokautchi bokschi edi. U faoliyati davomida faqat Antonio Margaritodan mag‘lub bo‘lgandi. Uchrashuv ishqibozlarning kutishini oqladi. U haqiqiy shouga aylandi. 12 raundga kelib, hakam bahsni to‘xtatdi, Kotto ortiq jang qila olmas edi. Keyinchalik Pakyao bu jang faoliyatidagi eng og‘ir bellashuv bo‘lgani haqida aytib bergan.

Mavzuga oid