Sport | 19:43 / 14.11.2016
11143
6 daqiqa o‘qiladi

Shumaxerdan Boltgacha. Futbolchi bo‘lishni orzu qilgan 5 nafar yulduz

Zamonaviy yengil atletika qiroli Useyn Bolt bir necha yillardan buyon o‘zining sevimli jamoasi – «Manchester Yunayted» klubida to‘p surish istagini bildirib keladi. Uning futbolga, aynan shu ingliz klubiga mehri baland ekani barchaga ma'lum. 

Kuni kecha yamaykalik sportchi 2017 yilda yengil atletikadagi faoliyatini yakunlashi va futbolga qadam qo‘yishi haqida xabar berdi. Uning aytishicha Bolt kelgusi yildan boshlab Dortmundning «Borussiya» klubi bilan birga shug‘ullanishni boshlaydi. Buning uchun sportchi bosh murabbiy Tomas Tuxel bilan gaplashib olganini bildirgan. «Bir necha kun davomida «Borussiya» bilan ishlayman, ko‘ramiz bu qanday chiqarkan. Agar «MYu»da o‘ynasam orzuim amalga oshgan bo‘lardi. Keyingi 2 yilda futbolchi sifatida o‘ynab ko‘rmoqchiman. Mendan yaxshi hujumkor yarimhimoyachi yoki himoyaviy qismning zo‘ri chiqishi mumkin», degandi Bolt.

Mazkur voqea sabab biz sportning boshqa turi bilan shug‘ullana turib, futbolga alohida mehr qo‘ygan boshqa atletlarni yodga olishga qaror qildik.

Mixael Shumaxer

Formula-1 qiroli hech qachon o‘zining futbolga bo‘lgan qiziqishlarini yashirib kelmagan. Faoliyatini tugatgach, nemis sportchisi tez-tez turli xayriya futbol uchrashuvlarida ishtirok etib keldi. Qisqa muddat esa u Shveytsariya uchinchi ligasi vakili «Exixens» safida ham o‘ynashga ulgurgan. Bosh murabbiy hattoki undan ko‘proq vaqtini futbolga ajratishini va jamoani yanada quyi divizionga tushib ketmasligiga ko‘maklashishini so‘ragandi. Biroq Shumaxer sportdagi faoliyatiga to‘liq yakun yasashga qaror qilgandi. Shundan so‘ng, u dahshatli falokatga uchradi va mo‘'jiza tufayligina tirik qoldi. Yarim yildan ortiqroq koma holatida yotgan afsona asta-sekin o‘zini tiklab borayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan.

«Men aynan futbolda proffessionalman. Futbol maydoniga chiqqanimda Formula-1 poygalaridan ham ko‘proq asabiylashaman. To‘p menga kelib tushganda uni boshqarish uchun, poygadagi xavfli burilishdan o‘tishdan ko‘ra ko‘proq konsentratsiya talab qilinadi», degandi u.

Kobi Brayant

Afsonaviy basketbolchi bolaligining bir qismini Italiyada o‘tkazgan – uning otasi Italiya professional basketbol jamoasida o‘ynagandi o‘shanda. Shu kunga qadar u toskancha shevada bemalol so‘zlasha oladi. U bu tilda gaplashishiga sinfdoshlari bilan tinimsiz futbol o‘ynagani sabab bo‘lgan. Hozirga qadar u millionlar o‘yiniga ayniqsa oshno bo‘lib kelmoqda. U futbolda juda ko‘plab do‘stlar orttirgan, ayniqsa «Barselona» futbolchilari bilan yaxshi aloqada bo‘lib keladi. Klub 2012 yilda AQShda o‘z filialini ochganida o‘shan paytdagi prezident Joan Laportaga  Kobi jiddiy tarzda o‘z xizmatini taklif qilgandi.

Brayant: «Bir necha yil oldin Los-Anjyelesga«Barselona» kelgandi. O‘shanda men Ronaldino bilan ko‘rishganman. U men bilan suhbatlashgan va degandi: «Kobi, qara, seni kelajakda butun bir futbol tarixining eng zo‘r futbolchisi bo‘ladigan bir bolakay bilan tanishtiraman», degan va 17 yoshli Messini ko‘rsatgandi. Men o‘shanda: «Nima? Sen eng zo‘risan» deganimda, u: «Yo‘q, yo‘q. Aynan shu bola eng zo‘ri bo‘ladi», deb xotirlagandi Kobi.

Yoxannes Byo

Biatlon tarixidagi eng mashhur aka-ukalar hisoblangan norvegiyalik Tarey va Yoxannes Byo ham katta futbolga o‘zgacha mehr bilan qarashadi. Bir necha marta jahon kubogi va olimpiada chempioni hisoblanmish bu aka-ukalar yoshligida futbol bilan shug‘ullanishgan. Yoxannes esa Norvegiyaning «Stryun» jamoasi bilan ham shartnoma tuzishga ulgurdi.

«Mashg‘ulotlarda qatnashib ko‘rdim va menga shartnoma taklif qilishdi. Biatlondan bo‘sh paytlarimda o‘zimni sinab ko‘rmoqchiman. Albatta jarohat olish ehtimoli katta lekin, hech bo‘lmasa 10-20 daqiqa davomida to‘p surish ham katta odamga zavq bag‘ishlaydi», degandi u.

Rafael Nadal

Mashhur tennis ustasi Rafael Nadal tez-tez «Santyago Bernabeu»da mehmon bo‘lib turadi. 14 karra katta Dubulg‘a turkumiga kiruvchi musobaqalarda zafar quchgan sportchi, futbolning, ayniqsa «Real»ning ashaddiy fanati hisoblanadi. Bolaligida Rafa qarindoshlari bilan doim futbol o‘ynab kelgan va amakisi «Barselona» himoyachisi Migel Nadali ba'zi ko‘rsatkichlar bo‘yicha ortda qoldira olgan. Ammo katta Byoda bo‘lgani kabi Rafada tennisga bo‘lgan ishtiyoq kuchlilik qilgan va u professional faoliyatini aynan shu sport turiga bag‘ishlagan. Shunga qaramay Rafael faqat stadionlarga tashrif buyurish bilan cheklanib qolmagan. U 2011 yilda Ispaniyaning ikkinchi mintaqaviy ligasi vakili bo‘lgan «Inter Manakor» jamoasi bilan shartnoma imzolagandi. Biroq tig‘iz taqvim tufayli u doimiy ravishda futbolga vaqt ajrata olmagan. Aytgancha, «Real»da porlayotgan yangi yulduz Marko Asensioning klubni tanlashida aynan Nadal bosh rolni o‘ynagan.

Mavzuga oid