O‘zbekiston | 14:01 / 17.11.2016
11135
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda prezidentlik saylovi xalqaro kuzatuvchilar nigohida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, ShHT, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti, MDH Ijroqo‘mi missiyalari, Osiyo, Yevropa, Afrika va Amerika qit'asining qirqdan ortiq mamlakatlaridan xorijlik ekspertlar ishtirok etadi. Bugungi kunda ularning aksariyati saylov jarayonini bevosita mamlakatimiz hududlarida, chet davlatlardagi vakolatxonalarimizda tuzilgan saylov uchastkalarida kuzatib borishmoqda.

Xenrik VeSTeRBI,
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi a'zosi:

— O‘zbekiston saylov qonunchiligi bilan tanishdim. Hozirgi vaqtda saylov komissiyalari, davlat organlari va jamoat tashkilotlarining Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rishga oid faoliyatini o‘rganayapmiz, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan saylov jarayonini yoritish bo‘yicha ishlari yuzasidan suhbatlashmoqdamiz. Shuni alohida qayd etishni istardimki, biz saylov kampaniyasini kuzatish asnosida nafaqat siyosiy tadbirning milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlariga muvofiqligini baholaymiz, ayni paytda o‘zimiz ham tajriba to‘playapmiz.

Yoel RAZVOZOV,
Isroil Knesseti deputati:

— Saylovlarni erkin va halol o‘tkazish fuqarolik jamiyatining mamlakat siyosiy tizimiga ishonchini mus¬tahkamlash vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Respublikada nomzodlarni ko‘rsatish hamda ro‘yxatga olish Konstitutsiya doirasida Markaziy saylov komissiyasining Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq o‘tkazildi. Davlat boshlig‘i lavozimiga nomzodlarga o‘z dasturini ommaviy axborot vositalarida, saylovchilar bilan uchrashuvlarda ilgari surish uchun teng imkoniyatlar yaratib berilgan. Ularning saylov shtablari aholi o‘rtasida faol saylovoldi tashviqotini olib bormoqda. Saylovchilar saylov kampaniyasining barcha tadbiridan xabardor ekanligi, ular o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini chuqur bilishini alohida aytib o‘tishni istardim.

Xilel NYuMAN,
Isroil Tashqi ishlar vazirligi strategik ¬tadqiqotlar departamenti sektor boshlig‘i:

— Hozirgi kunda xalqaro hamjamiyatning e'tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasiga qaratilgan. Bu bejiz emas. Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda aholi soni ko‘pligi bo‘yicha eng yirik mamlakat sifatida mintaqa ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy rivojlanishi va xavfsizligini ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi. Aynan shu omillar sabab ham dunyo jamoatchiligi tomonidan O‘zbekistondagi saylovlarga alohida qiziqish bilan qaralmoqda. Saylovoldi kampaniyasida barcha siyosiy partiyalar ishtirok etayapti. Bu esa siyosiy raqobat mavjudligi haqida so‘z yuritish uchun asos bo‘ladi. Saylov qonunchiligi erkinlashtirilgani, partiyalarga hokimiyat uchun kurash huquqi berilgani, fuqarolik jamiyati ins¬titutlarining saylov jarayoniga faol jalb qilingani, ko‘p sonli xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazilgani ham O‘zbekistonning demokratiya va ochiqlikni ta'minlash borasida dadil borayotganidan ¬dalolatdir.

Rafael BUENO,
“Casa Asia” siyosiy, ijtimoiy va ta'lim dasturlari instituti direktori (Ispaniya):

— O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” asosida mamlakatingiz tarixan qisqa davrda ulkan marralarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bu borada yurtingizdagi barqarorlik, tinchlik, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotingizni alohida ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardim. O‘tgan davrda demokratiyaning asosiy ko‘rinishlarini, ya'ni erkin saylovlar instituti, shaffof saylov tizimi, ko‘ppartiya¬viylik va milliy parlamentni mustahkamlash uchun muhim huquqiy asoslar yaratildi. Shu yilning 4 dekabr kuni bo‘ladigan Prezident saylovi ham O‘zbekis¬tonning istiqboldagi rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berishi bilan ahamiyatlidir. O‘zbekiston ¬xalqi demokratik tamoyillarga muvofiq holda ravnaq ¬topayotgan o‘z davlatining barqaror va jadal taraqqiyoti uchun ovoz beradi.

Mariya Lyudovika
BOTTAReLLI TRAKUILLI-LeALe,
“Yevropa ayollari lobbisi” tashkilotining Italiya bo‘linmasi bosh kotibi:

— O‘zbekistonda avvalgi saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashib, Birinchi Prezident Islom Karimov boshchiligida zamonaviy demokratik institutlarning huquqiy mexanizmlarini shakllantirish borasida olib borilgan chora-tadbirlar, sa'y-harakatlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lganman. O‘zbekiston fuqarolari saylov qonunchiligi doirasida o‘z huquq va majburiyatlari bilan tanishib borishi uchun barcha zarur choralar ko‘rilgan.
Yevropa fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakili, qolaversa, xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida ish olib borayotgan kishi sifatida shuni aytishim kerakki, o‘zbek ayollarining saylov komissiyalari ishida faol qatnashishidan har doim hayratlanaman. Bundan tashqari, saylov uchastkalarida yosh bolali onalarga, umuman, o‘z saylov huquqini amalga oshirish uchun kelganlarga birinchi tibbiy xizmat ko‘rsatish ¬imkoniyati yaratilgan. Saylovda ishtirok etayotgan ¬xalqaro kuzatuvchilar orasida fuqarolik jamiyati ¬institutlari vakillarining ko‘pligi ham mamlakatingizda zamonaviy demokratik davlatni barpo qilishga nechog‘li katta ahamiyat berilayotganidan dalolatdir.

Jo DANIEL,
“Cloud-Fi Inc.” kompaniyasining
bosh ijrochi direktori (Kanada):

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish Kanada parlamenti quyi palatasining sobiq a'zosi sifatida men uchun katta sharaf. Avvalambor, Birinchi ¬Prezident Islom Karimovning beqiyos xizmatlarini alohida qayd etishni istardim. U Buyuk Yo‘lboshchi ¬sifatida o‘zidan sanoat, ta'lim, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalar jadal rivojlanayotgan barqaror davlatni qoldirdi. Bu omillar mamlakatni yangilash hamda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish borasida boshlangan o‘zgarishlarni davom ettirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘ylaymanki, O‘zbekiston salohiyati mamlakatdagi siyosiy plyuralizmga asoslanadi va bu aholining turli qatlamlariga davlat hamda jamiyat hayotining dolzarb masalalarini hal qilishda ishtirok etishiga keng imkoniyat yaratadi. Demokratik saylovlarni o‘tkazishda xalqaro kuzatuvchilar muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli O‘zbekistonning Prezident saylovini umume'tirof etilgan xalqaro andozalarga muvofiq holda o‘tkazishga tayyorligi yuksak e'tirofga loyiq. Mamlakatdagi saylov jarayonini boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qatorda, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi to‘laqonli missiyasi kuzatib borayotgani ham quvonarlidir. Bu muhim qaror bo‘lib, pirovardida saylov jarayonining xolisligini ta'minlaydi, unga keng jamoatchilikning ishonchini mustahkamlaydi.

«Jahon» AA
materiallari asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid