Jahon | 14:51 / 27.11.2016
23784
3 daqiqa o‘qiladi

«Xayrli tong, Halab! Biz hali tirikmiz»: suriyalik qizchaning tarmoqdagi blogi

Foto: Twitter/@AlabedBana

Suriyaning Halab shahrida yashovchi Bana ismli qizcha yarim vayron bo‘lgan va urush girdobida qolgan shahri haqida blog yuritadi. Uning yoshi yettida. Shu bois bu ishda unga onasi yordam beradi. Bana front chizig‘ida ro‘y berayotgan dahshatli kadrlarni tushirishga muvaffaq bo‘lgan.

Bananing tvitterdagi sahifasida yuz mingdan ziyod obunachi bor. Mard qizcha haqida “Garri Potter” kitobi muallifi Joan Rouling o‘z blogida yozib qoldirgan va qizchaga kitoblarining elektron nusxasini jo‘natgan. Shundan so‘ng Banaga dunyo ommaviy axborot vostitalari o‘z diqqatini qaratdi.
«Do‘stim Joan Roulingga salom. Men kitobingizni mutolaa qilishni boshladim. Siz mening yuragimdasiz. Rahmat! Bana.
«Bana, bu meni juda xursand qildi! Senga va ukanga baxt tilayman!»

Bananing har kunlik hayoti juda qo‘rqinchli. Bir safar uning blogida mana shunday so‘zlar yozildi.

«Xayrli tong, Halab. Biz hali tirikmiz. Bana»

Gohida qizchaning o‘rnidan uning onasi — ingliz tili o‘qituvchisi yozib turadi. Hayajonga soluvchi kadrlarni e'lon qiladi.

«Ko‘rib turganingizdek, biz istalgan payt nobud bo‘lishimiz mumkin. Mana bu bomba juda yaqinda portladi. Men dunyoga qarab murojaat qilaman — bizni hoziroq qutqaring».

Bana tomonidan tvitterda e'lon qilingan tasvirlarning eng qo‘rqinchlisi uning fikricha, Halabga bomba tushayotgani aks etgan kadrlardir.

«Do‘stlar, bu oy emas, bu ayni paytda tushayotgan bombadir. Bugun biz uchun duo qiling. Men qo‘rqayapman Bana»

«Agar mana bu bizning uyimiz bo‘lganida, men sizga hozir yozmayotgan bo‘lardim».

Erta tonda shahar ahli vayronalar ichidan chiqib kelishadi va dahshatli manzarani kuzatishadi.

Qizchaning mikroblogida vayron bo‘lgan uylarning va hatto uning halok bo‘lgan do‘stlari suratlarini uchratish mumkin.

«Bomba shundoqqina uyimiz yoniga kelib tushdi. U yerda odamlar bor edimi, buni bilmayman».

Bananing yozishicha, uning hayoti urush ichida o‘tmoqda, ammo u tinch hayot kelishiga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmagan.

Mavzuga oid