Snouden Amerika sud tizimi borasida achchiq fikrlarini bildirdi
AQShdagi mavjud sud tizimi ikki xil standartlarga asoslangan va yuqori sinf vakillariga keskin choralardan qutilib qolish imkonini beradi. Oddiy odamlarga esa, qonunning eng jiddiy talablari asosida hukm o‘qiladi. Amerika maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden Yahoo News internet portaliga bergan intervyusida shunday fikrni bildirgan.
"Qo‘shma Shtatlarda ikki darajadagi sud tizimi mavjud. Unga ko‘ra, hukumat bilan jiddiy aloqada bo‘lgan insonlar yoki ko‘plab ma'lumotlarni bilganlar yengil jazolar bilan cheklanishadi", - degan Snouden.
U o‘z fikrining isboti sifatida MRB sobiq direktori Devid Petreus bilan bo‘lgan voqeani yodga olgan. U hozirda yangi saylangan prezident Donald Tramp ma'muriyatida davlat kotibi lavozimiga asosiy da'vogarlardan biri bo‘lib kelmoqda. 2012 yili Petreus maxfiy ma'lumotni jurnalist ayol Pol Broduellga topshirgani ma'lum bo‘lganidan so‘ng, iste'foga chiqishga majbur bo‘lgan edi.
Yahoo News suhbatdoshining ta'kidlashicha, o‘shanda MRB sobiq rahbarining Broduellga taqdim etgan axborotlari Snoudenning jurnalistlarga topshirgan hujjatlariga qaraganda "anchagina yuqori maxfiylik darajasiga ega bo‘lgan". Bunda, voqeaning ahamiyatli jihati shundaki, Petreus "bu ma'lumotlarni jamoatchilikka, ayni jamoatchilik foydasini ko‘zlab oshkor qilmagan, balki o‘z biografi va ma'shuqasi bilan" o‘z foydasi uchun baham ko‘rgan. Snoudenning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha to‘plam hujjatlar orasida AQSh harbiy dasturlariga oid ma'lumotlar, Petreusning AQSh prezidenti bilan shaxsiy suhbatlari mazmuniga doir axborotlar bo‘lgan.
Snoudenning xotirlashicha, MRBning sobiq rahbariga mayda qoidabuzarlik aybi ilgari surilgan xolos. Petreus o‘z navbatida aybiga iqror bo‘lgan, shundan so‘ng, unga ikki yillik shartli jazo tayinlanib, 100 ming dollar miqdoridagi jarima solindi.
"U oshkor qilgan maxfiy ma'lumot turidan qat'iy nazar bir kun ham qamoqda o‘tirgani yo‘q", - degan sobiq maxfiy xizmat xodimi. Eslatib o‘tamiz, Snoudenga AQShda uzoq muddatli qamoq jazosi tahdid solmoqda.
AQSh Milliy xavfsizlik agentligida pudratchi-tahlilchi bo‘lib ishlagan. U 2013 yilda Amerika maxsus xizmatlarining elektron kuzatuviga oid ma'lumotlarni oshkor qilgan edi. Xususan, xorijiy mamlakatlar yetakchilarining telefon orqali muloqotini noqonuniy tinglagan. AQSh hukumatining ta'qibidan qochgan Snouden 20dan ortiq mamlakat hukumatiga siyosiy boshpana so‘rab murojaat qilgan edi. Shu mamlakatlardan biri Rossiya unga 2014 yilda 3 yil muddatga boshpana berishga qaror qildi. Snouden josuslik haqidagi qonunning ikki bandini buzganlikda gumon qilinmoqda.
Mavzuga oid
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024
American Airlines aviakompaniyasi AQShga barcha reyslarni to‘xtatdi
17:40 / 24.12.2024
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:05 / 24.12.2024