O‘zbekiston | 23:41 / 13.12.2016
26374
2 daqiqa o‘qiladi

Dolzarb savol: O‘zbekiston Senatining sayti nega ishlayapti?

Foto: Fotolia

13 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda qator masalalar ko‘rib chiqildi. Bu haqida qayerdan bildik deysizmi? Albatta, senat axborot xizmatidan emas. 

Sarobga aylangan sayt

O‘zbekiston parlamentining ikkita palatasi bor. Biri quyi – qonunchilik palatasi, ikkinchisi esa yuqori – Senat. Ana shu yuqori palata, ya'ni Senat axborot xizmatining Senat.uz internet manzilida joylashgan sayti bor. Bu sayt faoliyati bizni juda o‘ylantiradi... Bunga sabablarni sanab o‘tamiz.

1. Senat matbuot xizmati bilan bog‘lanish uchun qaysi raqamlarga qo‘ng‘iroq qilish kerak? Saytning eng pastida, kishi bilmas etib yozib qo‘yilgan telefon raqamigami? Unga 13 dekabr, kun bo‘yi qo‘ng‘iroq qilindi, ammo hech kim javob bermadi.
2. Senat matbuot xizmati aloqa qilib bo‘lmaydigan tashkilot ekan, hech bo‘lmasa, Senatda bo‘layotgan majlis va undagi yangiliklarni o‘z saytida joylashtirib borsa bo‘ladi-ku?!
3. Senatning o‘z shaxsiy sayti turganda,boshqa axborot sayti undagi yangiliklarni topib, o‘z sahifalarida joylashtirib va hatto bu mavzular ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga kirib, butun xalq bilgach, keyin senatning saytiga joylashtirilishi, fazo sirlari kabi tushunarsiz holat emasmi? 

Qachongacha xorij ommaviy axborot vositalari ma'lumotiga mahliyo bo‘lib o‘tiramiz. O‘zbekistonning boshqa davlatlardan nimasi kam? Biz demokratiyani boshqalardan ko‘ra ko‘proq anglaymiz. Bizning istagimiz va talabimiz, nafaqat Senat sayti, boshqa davlat tashkiloti saytlari ham o‘zlarida berib borilayotgan yangiliklarni ayni vaqtida joylashtirishsin-ki, har bir fuqaro mazkur yangiliklarni tezkor ravishda qabul qilsin.

Mavzuga oid