Jahon | 15:55 / 14.12.2016
33937
5 daqiqa o‘qiladi

Eng g‘aroyib sayyoralar ro‘yxati - javohirli yomg‘irlar va lavali okeanlar 

Koinot sirlarga to‘la. Yaqinda astronomlar bir sayyorani kashf qilishdi - unda samodan qimmatbaho toshlar yog‘iladi. Tasavvur qilib ko‘ring-a, bu sayyorada yoqut va sapfir kristalli yomg‘ir yog‘adi. RIA "Novosti" tahririyati eng g‘aroyib sayyoralar ro‘yxatini taqdim etdi

1. Shisha yomg‘irlar sayyorasi

HD189733b sayyorasi kosmosdan olingan suratlarda Yerga o‘xshab ketadi, biroq aslida u yerdagi sharoitlar havas qilgulik emas - gap shundaki, ushbu sayyorada shisha yomg‘irlar yog‘adi. Uning kobaltsimon rangi katta miqdordagi kremniy zarrachalari natijasidir. Eng yuqori haroratlar ularni shishaga aylantiradi. Shisha yomg‘irlar tezligi soatiga 6500 kilometrga yetishi mumkin. Bundan tashqari, HD 189733b "tovushdan tezkor" hisoblanadi - uning atmosferasida soatiga 8700 kilometr esadigan juda kuchli shamollar hukmron. 

2. Olmos sayyora

PSR J1719−1438 b pulsar sayyora kislorod va kristall ugleroddan iborat. Olimlarning fikricha, uglerod va olmos sayyorada ulkan bosimni hosil qilgan. Astronomlarning taxminiga ko‘ra, qachonlardir ushbu osmon jismi yulduz bo‘lgan, biroq uning massasi katta qismini millisoniyali pulsar "tortib ketgan". Sayyora Yerdan 4 ming yorug‘lik yilgacha uzoqlashgan. 

3. Javohirli yomg‘ir

HAT-P-7 b (Kepler-2b) ekzosayyorasida yoqut va sapfir "tomchili" yomg‘irlar yog‘adi. Olimlarning taxminicha, sayyoradagi bulutlar korunddan (yoqut, sapfir va boshqa qimmatbaho toshlar asosini tashkil qiluvchi mineral) iborat. Sayyora tipik "qaynoq yupiter" - yoritgichga juda yaqin aylanuvchi gaz giganti hisoblanadi. Kepler-2b atmosferasi harorati "quyoshli" tomonda Tselsiy bo‘yicha 2500 darajadan oshadi, "tungi" tomonda esa - taxminan 1300 daraja. 

4. Vulqonli dahshat

COROT-7 b ekzosayyorasining o‘ziga xosligi shundaki, sathining yorug‘ tomonida ulkan qaynab turgan lava okeani joylashgan. U yerning harorati +2500-2600 darajani tashkil qiladi. Qorong‘u tomonda toshli yomg‘ir yog‘adi, zero COROT-7 b atmosferasi asosan bug‘langan jinslardan iborat. Sayyora Yakkashox yulduz turkumida joylashgan va u taxminlarga ko‘ra, Saturn hajmidagi gaz gigantining qoldig‘idir. 

5. Eng ko‘hna

Chayon yulduzlar turkumidagi PSR B1620−26 b (Mafusail) ekzosayyorasi Koinotdagi eng qadimiy sayyoralaridan biri hisoblanadi. Olimlarning taxminicha, uning yoshi 12,7 milliard yil atrofida. Samoviy jism Yerdan 12400 yorug‘lik yili masofasida joylashgan. 

6. Tundan-da qora

TrES-2b hozirga qadar ma'lum bo‘lgan sayyoralar orasida eng qorong‘usi hisoblanadi. U yulduzdan tushuvchi yorug‘likning atigi bir foizinigina aks ettiradi. Shu tariqa, u ko‘mir, qora akril bo‘yoq va qurumdan-da qoradir. Sayyora spektral toifaga mansub G0V GSC 03549-02811 yulduzi atrofida aylanuvchi qora gaz giganti hisoblanadi va u Yerdan 750 yorug‘lik yili masofasida joylashgan.  

7. Ikki quyosh sayyorasi

Kepler-16 b sayyorasining o‘ziga xosligi shundaki, u "Yulduzlar jangi"dagi Tatuin sayyorasi kabi biryo‘la ikki yulduz atrofida aylanadi. Kepler-16 ikkilamchi yulduzining o‘zi esa Oqqush yulduzlar turkumida, Quyoshdan 200 yorug‘lik yili masofasida joylashgan. 

8. "Sauron ko‘zi" orasidan o‘tuvchi sayyora

Fomalgaut b (yoki Dagon) ekzosayyorasi atrofidagi kosmik chiqindilar bilan birga gigant gazga juda ham o‘xshab ketuvchi tizimda joylashgan. Sayyoraning aylanish davri, ba'zi taxminlarga ko‘ra - 872, boshqa bir taxminlarga ko‘ra esa - 1700 yilni tashkil qiladi. Olimlar tizimdan yana ikki sayyora - Fomalgaut s va Fomalgaut d bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilishgan.

9. Vaqtni kuzatmaydiganlar sayyorasi

Quyosh tizimining mitti L91 sayyorasida bir yil - rekord darajadagi 20 000 yil davom etadi. Bunga uning Quyoshdan uzoqligi sababdir. Samoviy jism gravitatsion ta'sirlar natijasida Quyoshdan ulkan masofa nariga - ikki ming astronomik birlikka "uloqtirilgan", keyin esa tortishish kuchi ta'sirida asta-sekin yorituvchiga qaytayotgan  bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Sayyora Koyper chizig‘ida olimlar tomonidan aniqlandi. U Quyosh tizimining "qurilish materiallari chiqindilari"dan iborat.

10. Eng uzoq va eng sovuq 

Chayon yulduzlar turkumidagi OGLE-2005-BLG-390L b ekzosayyorasi biz bilgan sayyoralarning eng uzog‘i va eng sovug‘idir. Uning sathidagi harorat - 220 darajaga teng. OGLE-2005-BLG-390L b vazni 5,5 Yer massasini tashkil qiladi. U bizdan 28 ming yorug‘lik yili masofasida joylashgan. 

Mavzuga oid