Jamiyat | 08:47 / 26.12.2016
13894
2 daqiqa o‘qiladi

Jorj Mayklning o‘limiga nima sabab bo‘lgani ma'lum qilindi

Foto: ria.ru

Afsonaviy britaniyalik qo‘shiqchi Jorj Maykl yurak yetishmovchiligi sabab hayotdan ko‘z yumgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Billboard nashri xabar bermoqda.

Maykl Rojdestvo bayrami kuni o‘z uyida 53 yoshda olamdan o‘tgandi. Politsiya “shubhali holatlar” aniqlanmagani haqida xabar berdi. Shu munosabat bilan bir qator mashhur insonlar o‘z ta'ziyalarini bildirdi. Jumladan, Twitter va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida musiqachilar Elton Jon, Mark Ronson, Liam Gallaxer, Rayan Adams, shuningdek London hokimi Sodiq Xon va britaniya muxolifati yetakchisi Jyeremi Korbin xonandaning oila a'zolariga o‘z hamdardligini izhor etdi.

Qo‘shiqchining menejyeri Maykl Lippmanning nashrga ma'lum qilishicha, yakshanba kuni unga qo‘ng‘iroq qilib, Mayklni yotoqxonada o‘lik holda topishgani haqida xabar berishgan. Qo‘shiqchi tabiiy ravishda hayotdan ko‘z yumgani aytilmoqda. Shu bilan bir qatorda, Lippmanning so‘zlariga ko‘ra, yurak yetishmovchiligi sabab yuz bergan o‘lim – kutilmagan holat bo‘ldi. Qo‘shiqchi faoliyati davomida taxminan yuz million nusxadagi yozuvlari sotilgan. 

Musiqachida 2011 yilda zotiljam kasalligining og‘ir formasi aniqlanib, shu sabab zudlik bilan kasalxonaga yotqizilgan. O‘shanda uning hayoti jiddiy xavf ostida qolgani xabar qilingandi.

 

Mavzuga oid