Fan-texnika | 20:52 / 15.01.2017
16111
2 daqiqa o‘qiladi

Detroytda LEGO o‘yinchog‘idan qurilgan antiqa mashina namoyish qilindi

Chevrolet avtomobilsozlik kompaniyasi va Warner Bros. kinostudiyasi birgalikda LEGO o‘yinchog‘idan Betmenning mashinasi – betmobilning asl o‘lchamdagi nusxasini yaratishdi.

O‘yinchoq mashina Detroytda bo‘lib o‘tayotgan motorshouda 14 yanvarda namoyish qilindi. LEGO’dan betmobilni yasash bilan Cody Rouge Community Action Alliance CDC (CRCAA) notijorat tashkiloti volontyorlari shug‘ullanishgan.

Ushbu mashina naqd 770 kg yuk bosgan. Mashinaning uzunligi 5,2 metr, balandligi 2,1 metr, eni esa 2,8 metrni tashkil qilgan. Mashina ramasini yasash uchun kvadrat shakldagi alyumin profildan 26 metr ketgan. Mashinani yasash uchun 17 xil rangdagi 344 187 kubik ishlatilgan. Mashinani loyihalash uchun 222 soat, qurish uchun esa 1833 soat sarflangan. Agar bu ish bilan bir odam shug‘ullanganda buning uchun bir yil sarflagan bo‘lardi.

Betmobil ekranlarga chiqariladigan "Lego Film: Betmen" kompyuter-animatsion multfilmini qo‘llab-quvvatlash uchun yasalgan. Komikslar qahramoni Betmen haqidagi  multfilm keyingi oyda ekranlarga chiqariladi.

Chevrolet kompaniyasi lego kubiklaridan mashina yasagan birinchi kompaniya emas. 2016 yil yozida Ford kompaniyasi Circuit de la Sarthe ko‘rgazmasida legodan yasalgan Ford GT sportkarini namoyish qilgan. Shuningdek, o‘tgan yili Porsche 911 GT3 RS mashinasini 1:8 nisbatda qurish mumkin bo‘lgan LEGO to‘plami sotuvchi chiqqan.

Mavzuga oid