Jahon | 07:47 / 21.01.2017
9244
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Pan Gi Mun ukasini hibsga olish talab qilinmoqda

Foto: EPA

AQSh hukumati Janubiy Koreyadan BMTning sobiq bosh kotibi Pan Gi Munning ukasini korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olishni talab qilmoqda. Bu haqda Nyu-Yorkning Manxetten sudi prokurori yordamchisi bayonotiga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.  

Prokuratura vakilining ma'lum qilishicha, AQSh Janubiy Koreyaga Keangnam Enterprises Co Ltd. qurilish kompaniyasining sobiq maslahatchilaridan biri, Pan Gi Munning ukasi Pan Gi Sanni hibsga olish talabi bilan murojaat qilgan. AQSh uning ekstraditsiyasini ham talab qilmoqchi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, BMT sobiq bosh kotibi jiyani Pan Chu Xyon va uning ukasi Pan Gi San rasmiy shaxslarni sotib olish maqsadida til biriktirishda ayblanmoqdalar. 

Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, korrupsiya ishi Vetnamda 800 mln dollarlik binolar majmuasini sotish bilan bog‘langan. Ma'lum qilinishicha, Pan Gi Munning jiyani Nyu-Yorkda ko‘chmas mulk sotuvchi agent bo‘lib ishlaydi.

BMT bu holat bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.

Mavzuga oid