O‘zbekiston | 14:53 / 01.02.2017
19293
2 daqiqa o‘qiladi

«Somon Eyr» Toshkentga aviareyslar uchun chipta narxlarini ma'lum qildi

Tojikistonning «Somon Eyr» aviakompaniyasi Dushanbe-Toshkent reysi uchun chiptalar sotishni boshladi. Kompaniya chiptalarning yangi narxlarini ma'lum qilgan.

Aviatashuvchi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bir tomonga uchish uchun chipta narxi 1164 somoniy (140 dollar).

«Narxlar aeroport yig‘imi asosida belgilangan, Toshkent aeroportida bir yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish 76 dollar», - deyilgan «Somon Eyr» xabarida.

Aviakompaniyadagilar Toshkent aeroporti bilan muzokaralar natijasida «chegirmalar taqdim etilishi va buning evaziga bu yo‘nalishdagi tariflar kamaytirilishi imkoni paydo bo‘lishi»ga umid bildirgan.

Bundan oldinroq «Somon Eyr» saytida aviachiptalar narxi boshqacha keltirilgandi: Toshkentgacha reys uchun chipta bahosi 177 yevro, Toshkentdan Dushanbegacha reys uchun chipta bahosi esa 200 yevrodan ham ko‘p.

Bundan oldinroq 1992 yildan beri birinchi marta O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi aviaqatnov qayta tiklanayotgani xabar qilingandi.

10 fevral kuni Tojikistonning «Somon Eyr» aviakompaniyasi «Dushanbe — Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab sinov reysini amalga oshirishi kutilmoqda.

Aviakompaniya 20 fevraldan boshlab muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqchi. Qishki mavsum yakuniga qadar reyslar haftasi bir marta — dushanba kuni amalga oshiriladi.

Yozgi parvozlar jadvalida haftalik reyslar soni bittaga ko‘payib, dushanbadan tashqari, payshanba kuni ham qatnov amalga oshiriladi. Dushanbedan Toshkentgacha parvoz vaqti 45 daqiqani tashkil etadi. Dushanbedan taxminan soat 10-00da parvoz qilinib, uchish vaqti 45 daqiqani tashkil etadi. Toshkentdan esa soat 12-00da parvozga chiqilishi mumkin.

Mavzuga oid