Sport | 10:45 / 06.02.2017
7614
5 daqiqa o‘qiladi

Yevropaning eng sermahsul jamoalari: «Arsenal» o‘z o‘rnida

O‘tgan haftada Kataloniyaning «Barselona» klubi va Fransiya chempionati ishtirokchisi «Monako» jamoalari joriy mavsumda kiritgan gollari sonini 100taga yetkazib olishdi. Tribuna.uz 100lik dovonni zabt etishga da'vogar kuchli beshlikning boshqa jamoalari reytingini tuzib chiqdi.

7-o‘rin. «Napoli» – 31 uchrashuv, 70ta gol (55ta A serida + 11ta YeChLda + 4 Italiya kubogida)

Neapolda xuddi o‘tmishda bo‘lgani kabi yana top jamoa shakllanmoqda. Jamoa o‘tgan haftada «Bolonya»ni 7:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Higuainning sotib yuborilishi va uning o‘rniga sotib olingan Milikning jiddiy jarohati ham jamoaning samaradorligiga ta'sir o‘tkazmayapti. Neapolliklar jamoasi haqli ravishda Italiyaning eng sermahsul jamoasi bo‘lib turibdi. Belgiyalik hujumkor yarimhimoyachi Dris Mertens boshqa chiziqqa o‘tgach, gollarni qalashtirib tashlamoqda. Hozirgacha A Seriya va YeChLni qo‘shib hisoblaganda uning hisobida 20ta gol bor.

6-o‘rin. «Manchester Siti» – 35 uchrashuvda 77ta gol (49ta APLda + 18ta YeChLda + 8ta Angliya kubogida + 2ta Liga kubogida)

Pep Gvardiola va Serxio Agueroda turli muammolar paydo bo‘layotganiga qaramay, «Siti» hamon ko‘p gol kiritishda davom etmoqda. Endi bu ko‘rsatkich yanada o‘sishi mumkin. Sababi Manchesterda paydo bo‘lgan yangi qahramon Gabriel Jyezus premer-liga doirasidagi so‘nggi ikki uchrashuvda nimalarga qodir ekanini namoyish etishga ulgurdi.

5-o‘rin. «PSJ» – 35 uchrashuvda 82ta gol (45ta 1 Ligada + 13ta YeChL + 11ta Fransiya kubogida + 9ta Liga kubogida + 4ta Fransiya Superkubogida)

Jamoani Zlatan tark etgach, Edinson Kavani yetakchilikni qo‘lga oldi. Tinmasdan gollar kiritayotgan urugvaylik futbolchi «PSJ» va Liga 1 yetakchi to‘purariga aylanib oldi. Jamoa o‘tgan mavsumlardagi sermahsullik balansini ushlab turgan bo‘lsada, bu ko‘rsatkichi bilan ham, natijalar bo‘yicha ham hattoki Fransiyada yetakchilik qila olmayapti.

4-o‘rin. «Arsenal» – 35 uchrashuvda 83ta gol (52ta gol APLda + 18ta YeChLda + 7ta Angliya kubogida + 6ta Liga kubogida)

Ishoning, buni biz atayin qilmadik. So‘nggi o‘yinlarni Vengersiz o‘tkazayotgan jamoa baribir Venger va jamoaning «xos an'analari»dan voz kecha olmayapti.

3-o‘rin. «Real Madrid» – 34 uchrashuvda 98ta gol (51ta La-ligada + 16ta YeChLda + 22ta Ispaniya kubogida + 6ta klublar o‘rtasidagi JChda + 3ta Yevropa superkubogida)

Ispaniya chempionati lideri hozircha qancha lozim bo‘lsa shuncha gol kiritmoqda. Albatta, jamoa hozircha 100lik dovonni zabt etgani yo‘q, ammo bu marraga yetib borgan asosiy raqiblari «Barselona»dan madridliklar ikkita kam uchrashuv o‘tkazganini hisobga olsak, bu ko‘rsatkich bo‘yicha nafaqat yetib olishni, balki ilgarilab ketishni ham kutish mumkin.

2-o‘rin. «Monako» – 38 uchrashuvda 100ta gol(68ta Liga 1da + 16 YeChLda + 7 Fransiya kubogida + 9ta Liga kubogida)

Aytish mumkin bo‘lsa, yevromavsumning eng asosiy kashfiyoti. Fransiyadagi murabbiylik davrining dastlabki qismida o‘ta himoyaviy taktikada o‘ynovchi jamoadek taassurot qoldirgan Leonardo Jardim, bu mavsumda barchani ajablantirishda davom etmoqda. O‘sha eski yuqori formadagi Falkao jamoaga qaytgach, klub Fransiya chempionatida peshqadamlik qilmoqda va sermahsullikda barchani hayratga solmoqda.

1-o‘rin. «Barselona» – 36 uchrashuvda 100ta (55ta La-ligada + 20 YeChLda + 20ta Ispaniya kubogida + 5ta Ispaniya superkubogida)

Hozircha bu mavsumni kataloniyaliklar uchun omadli kelayapti, deb aytib bo‘lmaydi. Jamoa La-ligada peshqadamdan yaxshigina farq bilan ortda qolmoqda. YeChLda «Manchester Siti»ga qarshi mehmondagi kabi o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘yinlar uchrab turibdi. Ammo bu jamoaning Yevropadagi eng sermahsul jamoa bo‘lib turishi uchun xalaqit bermayapti: Messi va Suares La-liga to‘purarlik poygasida yetakchilikni davom ettirayapti.

Mavzuga oid