O‘zbekiston | 22:47 / 23.02.2017
37712
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov o‘z lavozimida qoldi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov Yengil atletika federatsiyasi raisligiga qayta saylandi.

22 fevral kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tkazilgan Yengil atletika federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasida federatsiyaning o‘tgan to‘rt yillikdagi faoliyati haqida hisobot qilingan.

Konferentsiyada mamlakat yengil atletika federatsiyasining yangi rahbar tarkibi saylandi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov Federatsiya raisi, Baxtiyor Ikromjonov rais o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettiradigan bo‘lishdi. “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisining o‘rinbosari Olimxon Rustamov federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari etib saylandi. Bunga qadar O‘zbekiston paralimpiya assotsiatsiyasida faoliyat olib borgan Abdulla Sagdiyev, mamlakat boks federatsiyasida bosh kotib sifatida o‘zini ko‘rsatgan Bexzod Mirtimirov endi yengil atletika federatsiyasi rais o‘rinbosarlariga aylanishdi. Kamoliddin Ro‘zamuhammedov federatsiya bosh kotibi bo‘lib ishlaydi.

Anjumanda sport qirolichasini rivojlantirishga doir masalalar atroflicha muhokama qilindi. Konferentsiya ishida G‘ulomjon Ibragimovdan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining yana bir o‘rinbosari Adham Ikromov ham ishtirok etgan.

Mavzuga oid