Jahon | 19:52 / 24.02.2017
44226
2 daqiqa o‘qiladi

Trampni ag‘darib tashlash rejasi ishlab chiqildi

Foto: Reuters

AQSh Demokratlar partiyasida Respublikachilar partiyasidan mamlakat prezidentligiga saylangan Donald Trampni hokimiyatdan chetlatish rejasi ishlab chiqilgan. Bu haqda RT telekanali sayti xabar tarqatdi.

Uning ma'lumotiga ko‘ra, bunday strategiya demokrat va faol Devid Brok tomonidan o‘ylab topilgan. Bu loyiha haqida Floridada partiya vakillarining investorlar bilan uchrashuvidan keyin ma'lum qilingan. Tayyorlangan hujjatda Trampni 2020 yilga qadar impichmentga olib kelish choralari haqida aytilgan.

Unda AQShning hozirgi prezidentining barcha xatolari tanqid qilingan. Demokratlar Trampni va uning oilasini yaqindan kuzatib, ularning lavozimni suiiste'mol qilish holatlarini aniqlashmoqchi. Shuningdek, yangi ma'muriyatning harakatlarini, ularning boshqa davlatlar rahbarlari bilan munosabatlarini sinchiklab kuzatish uchun maxsus guruh tuzilishi rejalashtirilgan.

Yana bir muhim jihat sifatida prezidentni qo‘llab-quvvatlab turgan OAVning yolg‘on xabarlariga qarshi turish nazarda tutilgan. Demokratlar bu masalada Facebook bilan hamkorlik qilishni ham rejalashtirgan. Bundan tashqari, Trampga telefon orqali intervyu berishni taqiqlab, uning barcha savollarga shaxsan javob berishini talab qilishmoqchi.

Strategiyaning hayotga tatbiq etilishi uchun barcha investorlar va fuqarolar hamjihatlikda harakatlanishi kerakligi qayd etilgan.

Brok AQSh sobiq davlat kotibi Hillari Klintonning ittifoqchisi hisoblanadi. Ammo uni partiyadoshlari jiddiy qabul qilishmaydi.

Tramp 2016 yilning 8 noyabrida o‘tkazilgan prezidentlik saylovida asosiy raqibi Hillari Klinton ustidan g‘olib chiqib, AQShning 45-prezidentiga aylandi. U 2017 yilning 20 yanvarida prezident sifatida qasamyod qilib, vazifasiga kirishdi.

Mavzuga oid