Fan-texnika | 10:23 / 28.02.2017
20595
2 daqiqa o‘qiladi

Haydovchisiz avtomobillar poygasi uchun mashina namoyish etildi

Ispaniyaning Barselona shahrida mobil sanoatning eng yirik ko‘rgazmasi Mobile World Congress (MWC-2017) bo‘lib o‘tmoqda. Unda Roborace poygasida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan sportkarning yakuniy namunasi namoyish etildi. Bu poyga musobaqasida sun'iy aqlga ega bo‘lgan mashinalar kuch sinashadi. Yo‘nalishlar elektromobillar uchun mo‘ljallangan Formula E chempionatiga o‘xshash bo‘ladi. 

Poyga avtomobilining uzunligi 5 metrga yaqin, eniga 2 metrni tashkil etadi. Haydovchisiz avtomobilga 4ta 300 kilovattlik elektromotor o‘rnatilgan bo‘lib, vazni 975 kgga teng. U soatiga 320 km tezlikda harakatlana oladi. 

Avtomobil Amerikaning videoprotsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia tomonidan ishlab chiqilgan Drive PX2 superkompyuteri bilan boshqariladi. Kompyuterga ma'lumotlarni 5 dona lidar, 2ta radar, 18ta ultratovushli datchik, 2ta optik tezlik o‘lchagich, 6ta (ulardan biri 360 darajali) videokamera uzatadi. 

Fevral oyi o‘rtalarida Roborace poyga seriyasining ilk musobaqasi bo‘lib o‘tgan edi. Unda mashinaning yakuniy namunasi emas, balki DevBot deb nomlangan prototipi qatnashdi. Bu poyga avariya bilan yakunlandi. Ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra,  sun'iy aql chegaralarni kengaytirmoqchi bo‘lgan, oqibatda avtomobil to‘siqqa kelib urilgan. 

Shu yilning iyul oyidan Roborace poygasida ikkita mashina qatnashadi. Kelasi yilgi Formula Ye mavsumidan haqiqiy chempionat boshlanadi. Taxminlarga ko‘ra, mashinalarning texnik ko‘rsatkichlari bir xil bo‘ladi, ammo jamoalar mashinalarni boshqaruvchi dasturiy ta'minotlar borasida o‘zlari istaganlarini tanlashi mumkin bo‘ladi. 

 

Mavzuga oid