O‘zbekiston | 21:23 / 01.03.2017
38988
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekcha kashfiyot: Oshqovoq palagida bodring

Toshkent davlat agrar universiteti dotsenti Salohiddin Yunusov oshqovoq poyalarida bodring yetishtirdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

«Kasbim taqozosi bilan dehqonlar va fermerlar bilan tez-tez uchrashib turaman. Ular kasalliklarga chidamli, serhosil, eksportbop navlarni so‘rab-surishtirishadi. Albatta, dehqon ne mashaqqatlar bilan yerga urug‘ qadaydi, parvarish qiladi. Agar ekin hosilga kirmasdan poyasi sarg‘ayib, kasallansa, qanchadan-qancha mehnat chippakka chiqadi. Shunda qovoqni bodringga payvand qilish va bunda ularning ekish muddati va poyasining diametriga e'tibor qaratdik. Bodring qovoqgullilar oilasiga mansub bir yillik ekin bo‘lib, qovoq esa nisbatan qurg‘oqchilikka va kasalliklarga chidamli bo‘lganligi tufayli ularni payvandlash mumkin. Bunda qovoqning bir qancha nav namunalari va bodringning «O‘zbekiston – 740» navi o‘rganildi», – deydi S.Yunusov. 

Payvandlash usulida ko‘chatlarni parvarishlash katta e'tibor talab qiladi. Payvandlangan o‘simliklarning kesilgan joyi bitgunga qadar maxsus himoyalangan joyda havo namligini 90-95 foiz va havo haroratining kunduzi 20-25 daraja, kechasi 16-19 daraja bo‘lishini ta'minlash uchun 4-6 kun davomida nazorat qilib turiladi. Payvandlangan ko‘chatlar bodring yetishtirish agrotexnik tadbirlari asosida parvarishlanadi. Bunda ko‘chatlar ochiq maydonga qo‘sh qator qilib, lentasimon usulda ekiladi. 

«O‘tgan yili mana shu payvandlangan bodring ko‘chatidan ekkanmiz. Rostini aytsam, avvaliga bu usulda bodring yetishtirishdan biroz cho‘chiganman. Qanday bo‘lar ekan? Shuncha mehnatga kuyib qolmasmikanman, degan xayolga borgandim. Ammo bir gektardan o‘ttiz besh tonna hosil olib, hosildorlikdan ko‘zlarim quvnadi. Ilgari oddiy usulda bodring yetishtirib, gektariga yigirma, yigirma besh tonna hosil olardik. Ba'zida poyasi tez sarg‘ayib, kasallanishi oqibatida yana ham kam hosil bo‘lardi. Bu bodring poyasi yozning issig‘iga chidamli, yuqori hosildorligi, mazali ta'mi hamda uzoq muddatgacha yaxshi saqlanishi bilan bizga ma'qul bo‘ldi. Joriy yilda uch gektarda payvandlangan bodring ekamiz. Hozirdanoq ko‘plab zavodlar bilan shartnomalar imzolaganmiz», – deydi Andijon viloyati Asaka tumanidagi «Samar agro zavod» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahodir Ahmedov.. 

«Kasalliklarga chidamli, mahalliy iqlim sharoitiga mos, serhosil, ertapishar navlarni yaratish va resurstejamkor yetishtirish texnologiyalarini ishlab chiqish olimlarimiz faoliyatining asosini tashkil etadi. Keyingi yillarda universitetimiz olimlari bodringning ochiq maydon uchun oltita, himoyalangan maydonda yetishtirish uchun to‘rtta yangi navini yaratdi», – deydi S.Yunusov.

O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlar dunyoda vitaminlarga boyligi bilan dovrug‘ qozongan. Avstriya fermerlar tashkiloti tomonidan chop etiladigan Bio Austria jurnalida O‘zbekiston ekologik toza mahsulotlar yetishtirish borasida ulkan salohiyatga ega ekanligi alohida ta'kidlangan. Unda ushbu sohani yanada rivojlantirish uchun qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq qilish zarurligi qayd etilib, avstriyalik sarmoyadorlarning e'tibori O‘zbekiston agrosanoat taraqqiyotiga qaratilgan. 

Mamlakat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida oziq-ovqat ekin maydonlari kengaytirilib, ularning parvarishida organik, biologik va mahalliy o‘g‘itlardan foydalanilmoqda. Hatto qayta ishlash, saqlash jarayonida ham sun'iy qo‘shimchalar qo‘shilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad bitta: tabiiy va ekologik toza mahsulotlar yetkazib berishni ko‘paytirish, tarmoqning eksport salohiyatini yuksaltirishdir. 

Mavzuga oid