Jamiyat | 21:13 / 10.03.2017
5499
2 daqiqa o‘qiladi

Nobel mukofoti sovrindori Jorj Ola hayotdan ko‘z yumdi

Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Jorj Ola 90 yoshida Amerikaning Beverli-Hillz shahrida joylashgan uyida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqida olim faoliyat yuritgan Janubiy Kaliforniya universiteti xabariga asoslanib, "Kommersant" ma'lum qildi

O‘lim sababi hozircha ma'lum qilinmagan. "Professor Jorj Ola kimyo sohasining haqiqiy afsonasi edi. Uning kashshof tadqiqotlari ilm-fan sohasidagi landshaftni tubdan o‘zgartirgan va bu sohadagi keyingi tadqiqotlarga o‘z ta'sirini ko‘rsatgan", - dedi Janubiy Kaliforniya universiteti prezidenti Maks Nikas. 

Jorj Ola 1994 yilda karbokationlarga oid kashshof tadqiqoti uchun Nobel mukofotiga munosib ko‘rilgan.

Uning tadqiqotlari tufayli neftni qayta ishlash, shuningdek benzin ishlab chiqarishning ekologiya uchun  nisbatan xavfsiz usullariga asos tayyorlangan. 

Nashrda ta'kidlanishicha, kimyogar mukofotdan tushgan pullarga iste'dodli olimlarni qo‘llab-quvvatlash fondini tashkil qilgan. Nobel sovrindori 20 tacha kitob va taxminan 1,5 ming ilmiy maqola yozdi, dunyoning yetti mamlakatida 160 patent oldi. 

Bundan tashqari Jorj Ola Amerika kimyogarlar hamjamiyatining oliy mukofoti - Pristli medali bilan ham mukofotlangan. 

Mavzuga oid