O‘zbekiston | 11:08 / 06.04.2017
55790
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyati Olot tumanida joylashgan ko‘prik holati aholini tashvishga solmoqda

Ma'lumki, yo‘l va ko‘priklar inson hayotidagi zarur ehtiyoj hisoblanadi. Shu bois ham xalqimiz azaldan yo‘l va ko‘prik qurishda tashabbus ko‘rsatib kelgan. 

Buxoro viloyatiga uyushtirilgan safar davomida tahririyatga yo‘llangan murojaatlardan biri haqida lavha tayyorlandi. Murojaat esa Olot tumanidan yuborilgan. 

Unda yozilishicha, tumandagi Qozirobod qishlog‘ida “Amu-Qorako‘l” kanali bo‘ylab tushgan ko‘prik ta'mirtalab. Bir necha yildan beri aholining bu masala bo‘yicha shikoyatlari mutasaddilar e'tiboridan chetda qolib kelmoqda.

-  200 xonadon istiqomat qiluvchi qishloq aholisi bugun ushbu ko‘prikdan o‘tgani qo‘rqadi. Katta mashinalarni o‘tkazmaymiz. Kichik mashinalar o‘tib turibdi. Yuk olib o‘tish uchun boshqa joydan aylanib o‘tiladi, biroq yog‘in-sochin kunlarda u yerdan ham o‘ta olinmaydi. Ko‘prik taxminan 1985-86 yillarda qurilgan. 1 yarim yil avval tuman xokimi kelib, buni tenderga qo‘yamiz, qurib beramiz, dedi. Lekin haligacha natija yo‘q – deydi Qozirobod qishlog‘ida yashovchi fuqarolardan biri.

Olot tumani hokimi o‘rinbosari Bobomurod Boboyevning ma'lum qilishicha, ko‘prik na yo‘l tashkiloti, na obodonlashtirish boshqarmasining balansida ekan. Shuningdek, hokimlik vakilining aytishicha, mazkur ko‘prikni ta'mirlash bo‘yicha viloyat hokimligiga kerakli hujjatlar taqdim etilgan.

“Tumanda bundan ham yomon holatda bo‘lgan ko‘priklar bor. Ayni vaqtda ko‘prik avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi balansiga ro‘yxatga olinish arafasida. Biz bu bo‘yicha ishlayapmiz. Ushbu hujjat ishlaridan so‘ng ta'mirlash bo‘yicha amaliy ishlarni boshlaymiz”, deya ma'lum qilishdi hokimlik mutasaddilari.

Yakunda hokimlik amaldorlarining va'dalari shunchaki qolib ketmasligi, balki amaliy ishlar orqali o‘z ifodasini topishiga umid qilib qolamiz. Zero, xalq manfaatiga yarash, uning ehtiyojlarini qondirish har bir mansabdor shaxsning vazifasi sanaladi. Biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Tas-Ix (Mover) da ko‘rish

Youtube`da ko‘rish

 

Mavzuga oid