Jamiyat | 20:22 / 19.04.2017
56482
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda urush faxriylari qanday rag‘batlantiriladi? O‘zbekiston bilan taqqos

Ayni vaqtda Qirg‘izistonda Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 647 nafar urush faxriysi hayot kechirmoqda. Bunday ma'lumotlarni Qirg‘iziston mehnat va ijtimoiy rivojlanish vazirligi matbuot xizmati keltirib o‘tdi. 

Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, ular orasida 176 nafar Ikkinchi jahon urushi nogironi va 418 nafar urush qatnashchisi, balog‘atga yetmagan davrida konslagerlar mahbusi bo‘lgan 25 kishi va Leningrad qamalini boshidan kechirgan 28 kishi bor.

Vazir Lunara Mamitovaning aytishicha, Ikkinchi jahon urushi faxriylari respublika byudjyetidan har oylik va har yillik to‘lovlar oladilar. 2010 yil yanvaridan boshlab faxriylar imtiyozlar o‘rniga quyidagicha pul kompensatsiyalari olib keladilar:  

– Ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilari, Leningrad qamalini boshdan kechirganlar va konslagerlarda balog‘atga yetmagan davrida mahbus bo‘lganlar – 7 ming som (joriy kurs bo‘yicha 102 dollar, 1 AQSh dollari = 67,8 qirg‘iz somi);

– nogironlikka ega, front ortida mehnat qilganlar – 2 ming som (30 dollar);

– Ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilarining bevalari, Ikkinchi jahon urushidagi mehnati uchun mukofotlar olgan front ortida mehnat qilganlar – ming som (15 dollar).  

Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilari, balog‘atga yetmagan davrida konslagerlar mahbusi bo‘lganlar va Leningrad qamalini boshdan kechirganlar 2010 yildan boshlab 10 ming som (147 dollar) miqdorida Qirg‘iziston prezidentining har oylik umrbod stipendiyasini olib keladilar.

O‘zbekistonda
Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari soni 1600 nafardan ortiqni tashkil qilmoqda. 2016 yilda ularning soni 2200 nafardan ortiq bo‘lgan.

2013 yilda Ikkinchi jahon urushida qatnashganlardan faqatgina 5200 nafari, front ortida mehnat qilganlarning esa 100 ming nafari hayot edi.

2012 yilda esa O‘zbekistonda 6632 nafar urush qatnashchisi, 115 ming front orti mehnatkashlari bor edi.

Urushdan oldin O‘zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 millioni janglarda bevosita ishtirok etgan. 500 mingga yaqin yurtdoshlarimiz urushda halok bo‘lgan. 

Urush boshlanishi bilan front hududlaridan O‘zbekistonga ko‘chirilgan 1 millionga yaqin oila va bolalarni el-yurtimiz qabul qilgan.

Urush va mehnat faxriylari tegishli tartibda nafaqa olishadi.

O‘zbekiston hukumati har yili 9 may munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirib keladi.

Bu yil ham prezident farmoniga ko‘ra 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 2 000 000 (ikki million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilangan.

Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari GM Uzbekistan avtomobillarini navbatsiz olishadi, haj safariga imtiyozli ravishda borishadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda urush qatnashchilariga sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar beriladi.

Mavzuga oid