O‘zbekiston | 19:08 / 19.04.2017
21483
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda retsidivist-tovlamachi ayollar ushlandi

Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari abituriyentlarning respublikadagi oliy o‘quv yurtlariga kirishlariga yordam ko‘rsatishga va'da berib pul olish bilan shug‘ullangan tovlamachilarni qo‘lga olishdi. Bu haqda Sputnik xabar bermoqda.

Qo‘qonda yashovchi fuqarolardan biri MXX organiga murojaat qilib, Muntazam ismli ayol 6 ming dollar evaziga uning jiyanini Qo‘qon davlat pedagogika universitetiga kiritib qo‘yishni taklif qilganini bildirdi. Ayol 3 ming dollarni bo‘nak sifatida so‘ragan, qolgan 3 ming dollarni esa qiz rasman o‘qishga qabul qilinganidan so‘ng olishini aytgan.

Kelib tushgan ariza asosida Qo‘qon MXX va IIB xodimlaridan iborat tezkor guruh tuzildi. Tashkil etilgan operatsiya natijasida ariza beruvchi "Mediapark" savdo markazi binosida ikki ayol bilan uchrashib, ularga 3 ming dollar, jiyanining pasport nusxasi va ikkita fotosuratini berdi. Ayollar pulni olganlaridan so‘ng qo‘lga olindi.

Dastlabki surishtiruv davomida ular O‘zbekiston tumanida yashovchi 44 yoshli Muntazam Usmonova va 59 yoshli Hayotxon Odilova ekanliklari ma'lum bo‘ldi. Protsessual choralardan so‘ng ular yashash joylarini tark etmaslik sharti bilan qo‘yib yuborildi.

"Ertasiga qo‘qonlik bir ayol murojaat qilib, xuddi o‘sha ayollar uning o‘g‘lini Qo‘qon davlat pedagogika institutiga kiritib qo‘yish uchun po‘l so‘rashganini bildirganida operativ xodimlar hayratlarini yashirolmadilar", — degan MXX vakili.

O‘tkazilgan amaliyot chog‘ida Muntazam Usmonova va Hayotxon Odilova 4 ming dollar pul olayotganida ushlandilar. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, Usmonova ilgari to‘rt marta, uning sherigi esa to‘qqiz marta sudlangan ekan.

Qo‘qon shahar prokuraturasi ularga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qator moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Hozirda tezkor xodimlar tovlamachilarning oliy o‘quv yurti bilan ehtimoliy aloqalari bor-yo‘qligini aniqlashmoqda.

Mavzuga oid