Deputatlar ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini muhokama qildilar
Joriy yilning 16 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Kunning ikkinchi yarmida deputatlar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy markazi rahbarlarining axborotini eshitdilar, deb xabar bermoqda Qonunchilik palatasi Axborot xizmati.
Ta'kidlash joiz, aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, markazlarni zamonaviy tashhis-davolash asbob-uskunalari bilan ta'minlash, xalqaro standartlarga mos murakkab operatsiya amaliyotlarini hududlar kesimida o‘tkazishni tashkil etish masalalari, umuman tibbiyot tizimidagi islohotlarning borishi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzurida tashkil etilgan Respublika komissiyasining doimiy diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Mart oyidan bo‘yon ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyati tanqidiy-tahliliy o‘rganilib, quyi palataning majlislarida atroflicha muhokama qilinmoqda, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli qaror va chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Bu esa parlament va jamoatchilik nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Majlisda qayd etildiki, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan har yili 8 ming nafardan ziyod bemorga statsionar yordami ko‘rsatilmoqda. Davlat rahbari belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqib, ushbu markaz mutaxassislari tomonidan joriy yilda 29 marotaba joylarga chiqishlar tashkil etildi, ular doirasida 5,1 ming nafardan ziyod kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, shuningdek markaz mutaxassislari tomonidan ushbu sohadagi 1068 nafar mutaxassis tegishli malaka oshirish kurslaridan o‘tdi.
Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi tomonidan 2016 yilda 5 ming nafardan ortiq bemorga statsionar yordami ko‘rsatildi va 3,5 ming nafar bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Shu bilan birga, joriy yilda markaz mutaxassislari tomonidan mamlakatimiz mintaqalarida 6 ta mahorat darsi, 201 ta jarrohlik amaliyoti, 19 ta seminar mashg‘uloti tashkil etildi, shuningdek sog‘liqni saqlash tizimining boshlang‘ich bo‘g‘inlari uchun neyroxirurgik kasalliklar bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar tarqatildi. 2016 yilda 54 nafar mutaxassis, shundan 7 nafari xorijda malaka oshirish kurslaridan o‘tdi. Joriy yilda 39 nafar mutaxassis malaka oshirdi.
Muhokama davomida mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishga asosiy e'tibor qaratildi. Xususan, markazlar hamda birlamchi tibbiyotning barcha bo‘g‘inlarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishning keng qamrovli tizimi to‘liq tashkil etilmaganligi ta'kidlandi. Shuningdek, joylarda va markazlarning filiallarida malakali kadrlarga bo‘lgan talab dolzarbligicha qolmoqda. Xodimlar malakasini doimiy ravishda oshirib borish maqsadida Respublika hududlarida mahorat darslarini muntazam o‘tkazish va ko‘paytirish, telemeditsina tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurati mavjud. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan markazlar mutaxassislarini xorijdagi yetakchi klinikalarda yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va xorijdagi markazlardan jalb etilgan mutaxassislar uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish zarurligi ta'kidlandi.
Majlisda deputatlar O‘zbekistondagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini sifat jihatidan yaxshilash, qonun hujjatlarini va unga doir huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishda hokimiyatning vakolatli va ijro etuvchi bo‘g‘inlarining samarali hamkorligini kuchaytirish masalalariga e'tibor qaratdilar.
–O‘rganishlar natijasida aniqlandiki, mazkur markazlar tomonidan aholiga malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yodamlar zamon talablari darajasida ko‘rsatilmoqda. Lekin, hududlarda ichki kasalliklar va neyroxirurgiya sohasidagi kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashhis quyish hamda davolashda tor doiradagi malakali mutaxassislarning yetishmovchiligi kuzatilmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Xo‘jayeva. – Joylardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish uchun mamlakatimizning turli mintaqalariga borishlari chog‘ida deputatlar tibbiyot muassasalari faoliyatini o‘rganishga alohida e'tibor qaratmoqdalar. Shu bois, muhokamalar jarayonida deputatlar markazlarning yetuk mutaxassislari tomonidan hududlardagi soha xodimlarining malakasini oshirish borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, ularga uslubiy-amaliy yordam ko‘rsatish bilan birga hududiy bo‘limlardagi haqiqiy holatni o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalarni mutasaddi vazirliklarga taqdim etishlari kerakligini ta'kidladilar. Shuningdek deputatlar parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan bir qator takliflarni bildirdilar.
– Markazlarni xalqqa yanada yaqinlashtirish, aholiga sifatli, tezkor va malakali xizmat ko‘rsatish yuzasidan berilgan takliflar ayni muddao bo‘ldi, – deydi Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi shifokori Laziz Usmonov. – Bu o‘z navbatida malakali kadrlarga bo‘lgan talabni kuchaytiradi. Ayniqsa, hududlarda faoliyat yuritadigan neyrojarrohlar, xususan bolalar neyrojarrohlari sonini oshirishimiz va ularni zamon talablari darajasida tayyorlashimiz lozim. Bugungi muhokamalarda ham bildirilgan tanqidiy-tahliliy fikrlar bizning kelajakdagi ishlarimizni sifat jihatidan yaxshilanishiga, shuningdek hududlarda mazkur sohani rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ochiq va amaliy muloqot tarzida o‘tgan majlisda ikkala markaz rahbarlari aholining manfaatlarini inobatga olgan holda deputatlar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob qaytardilar.
Markazlardagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishib olindi.
Majlis yakunida Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.
Mavzuga oid
19:23
Deputat Energetika vazirligi va Kadastr agentligiga "deputat so‘rovi" yubordi
11:30 / 22.06.2024
Deputat va senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari ko‘paymoqda
13:23 / 09.04.2024
Deputatlar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga oid qonunni qabul qildi
17:20 / 11.06.2022